Prezident matbuot xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, yangi turistik shaharcha tarixiy meros va zamonaviy shaharsozlik yechimlarini uyg‘unlashtirgan holda barpo etiladi. Uning me’moriy konsepsiyasini ishlab chiqishda Xorazmning ko‘p asrlik shaharsozlik an’analari, jumladan, 1511-yilda Xiva xonligining ilk poytaxti bo‘lgan qadimiy Vazir shahrining tarixiy tuzilishi va ko‘chalar tarmog‘i asos qilib olingan.

Umumiy maydoni 12,3 gektar bo‘lgan majmuada mehmonxonalar, tarixiy va zamonaviy eksponatlar namoyish etiladigan muzey, milliy va xalqaro taomlar restoranlari, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari joylashadi.
Hududning salmoqli qismi yashil maydonlar va sayr yo‘laklariga ajratiladi. Sharsharali favvoralar va ichki ariqlar tashkil etiladi. Avtoturargohlarda quyosh panellari o‘rnatilgan soyabonlar barpo etilishi ham ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlanganidek, Xorazmda transport-logistika va turizm infratuzilmasi izchil rivojlanayotgani sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, zamonaviy turistik majmualarni ko‘paytirish, xizmatlar turini kengaytirish va sayyohlarning hududda qolish muddatini uzaytirish muhim ahamiyatga ega.

Yangi shaharcha Ichan-qal’aga tushayotgan turistik yuklamani kamaytirish, sayyohlar uchun yangi yo‘nalish va xizmatlarni taklif etishga xizmat qiladi. Loyiha doirasida minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi, aholi uchun avtomobillar harakatidan xoli yashil dam olish hududlari barpo etilishi ko‘zda tutilgan.









