Prezidentning 2026-yil 20-avgustdagi PQ–300-son qarori bilan Oʻzbekiston Kriptologiya, axborot xavfsizligi va innovatsion texnologiyalar instituti tashkil etildi.

Yangi institut Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Radioelektron tizimlar va axborot texnologiyalari markazi negizida tuziladi. Institut mazkur markazning barcha vazifalari, huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Kriptologiyadan sunʼiy intellektgacha

Institut kriptologiya, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik, axborotni himoyalash, sunʼiy intellekt, katta hajmdagi maʼlumotlarni qayta ishlash, raqamli kriminalistika va raqamli texnologiyalar sohalarida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bilan shugʻullanadi.

Shuningdek, mazkur yoʻnalishlarda ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari tashkil etiladi. Institut davlat buyurtmalari doirasida fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni shakllantirish va amalga oshirishda ham ishtirok etadi.

Axborot tizimlari ekspertizadan oʻtkaziladi

Institut kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli organ bilan kelishgan holda davlat organlari va tashkilotlarining axborot resurslari, axborot tizimlari, shuningdek, muhim axborot infratuzilmasi obyektlari toifasiga kiritilgan tizimlarni kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi boʻyicha ekspertizadan oʻtkazadi.

Bundan tashqari, kiberxavfsizlikning taʼminlanganlik darajasini baholash, axborot tizimlari va resurslarining himoyalanganlik holatini oʻrganish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan tashkiliy-texnik tadbirlar amalga oshiriladi.

Institut kriptologiya, axborot xavfsizligi, kiberxavfsizlik, sunʼiy intellekt, katta maʼlumotlar va raqamli kriminalistika sohalarida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, milliy standartlar va reglamentlarni ishlab chiqish hamda takomillashtirishda ishtirok etadi.

Xorijiy mutaxassislarni jalb qilish mumkin

Institutga respublikadagi ilmiy-tadqiqot, oʻquv-taʼlim va ilmiy-ishlab chiqarish muassasalari, ilmiy va tahlil markazlarining yetakchi mutaxassislarini, shu jumladan belgilangan tartibda xorijiy fuqarolarni jalb qilish huquqi berilgan.

Shuningdek, institut yuridik shaxs maqomiga ega oʻquv-ilmiy, ilmiy-ishlab chiqarish, ilmiy-texnik va konsalting markazlari hamda laboratoriyalar tashkil etishi mumkin.