Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev tor doirada uchrashuv hamda Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yigʻilishini oʻtkazdi.

Muzokaralarda Oʻzbekiston – Ozarboyjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston rahbari Ozarboyjon prezidentining bu galgi davlat tashrifi tarixiy voqea ekanini alohida taʼkidladi.

– Sammit yakunida Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolanishi buning tasdigʻi boʻladi. Eng muhimi, strategik sheriklik va ittifoqchiligimizning har bir bandi aniq natijalar va amaliy harakatlarda oʻz ifodasini topadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yetakchilar ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganini qayd etdilar. Parlamentlar, hukumatlar va tarmoqlar oʻrtasida muntazam muloqot yoʻlga qoʻyilgan.

Tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishlari va Hududlar forumi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Soʻnggi besh yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 3 barobarga ortdi. Energetika, kimyo, konchilik, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, shaharsozlik va boshqa yoʻnalishlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi. Aniq chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan dastur qabul qilinayotgani mazkur muhim marraga erishish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Yigʻilish doirasida yangi kooperatsiya loyihalarini bajarishga start beriladi. Bunday tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Qoʻshma investitsiya kompaniyasi mablagʻlarini faol jalb etish muhimligi taʼkidlandi.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish, Oʻrta yoʻlakni birgalikda rivojlantirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Yetakchilar madaniyat, taʼlim, yoshlar siyosati va sport sohalaridagi faol almashinuvlarni davom ettirishga kelishib oldilar.