Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston va Ozarboyjon prezidentlarini ikki mamlakatning oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevga Oʻzbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti – “Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni topshirildi.
Oʻzbekiston rahbari nufuzli mukofotni topshirar ekan, ushbu qaror Ozarboyjon prezidentining qardosh mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashdagi xizmatlariga nisbatan Oʻzbekiston xalqining samimiy hurmati va eʼtirofining ifodasi ekanini taʼkidladi.
– Siz ulugʻ otangiz – atoqli davlat arbobi Haydar Aliyevning ishini munosib davom ettirmoqdasiz. Sizning rahbarligingizdagi oqilona islohotlar tufayli Ozarboyjon taraqqiyot borasida va xalqaro maydonda ulkan yutuqlarga erishmoqda.

Ilhom Aliyevning Oʻzbekiston – Ozarboyjon koʻp qirrali munosabatlarini kengaytirishga qoʻshayotgan hissasi ham alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki davlat oʻrtasida ittifoqchilik munosabatlari qaror topishida aynan uning oʻrni beqiyos.
Oʻz navbatida, Ozarboyjon prezidenti yuksak eʼtirof uchun Oʻzbekiston yetakchisi va xalqiga minnatdorlik izhor etib, doʻstlik va oʻzaro hurmat ruhidagi har tomonlama hamkorlik yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

Shundan soʻng Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjonning oliy davlat mukofoti – “Haydar Aliyev” ordeni bilan taqdirlandi.
Mukofotni davlat rahbariga Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev topshirdi.
Oʻzbekiston yetakchisi Ozarboyjon prezidenti va qardosh Ozarboyjon xalqiga chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni abadiy doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash yoʻlidagi qoʻshma saʼy-harakatlarga berilgan yuksak baho sifatida qabul qilishini taʼkidladi.
– Mazkur orden men uchun alohida ahamiyatga ega. Unga butun umrini Vataniga xizmat qilishga bagʻishlagan ulugʻ davlat arbobi Haydar Aliyevich Aliyevning nomi berilgan. Aynan shu inson Ozarboyjonning kelgusi taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Haydar Aliyev Oʻzbekiston tarixi va madaniyatini yuksak qadrlagani, ikki xalq yaqinlashuviga salmoqli hissa qoʻshgani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston va Ozarboyjon kelgusida ham barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirib, qardoshlik munosabatlari esa yangi amaliy mazmun bilan boyib borishiga ishonch bildirildi.




Taʼkidlash joizki, “Haydar Aliyev” ordeniga turli yillarda Fransiya prezidenti Jak Shirak, Kuvayt Amiri Saboh as-Saboh, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻan, Italiya prezidenti Serjo Mattarella va boshqa koʻplab davlat arboblari sazovor boʻlgan.









