Isroil markaziy saylov komissiyasiga köra, saylovçilarning 77,7 foizi ovoz bergan, bu 1999-yildan beri eng yuqori körsatkiç. Yaʼni ovoz beriş huquqiga ega 7,3 million kişidan taxminan 5,7 millioni uçastkalarga kelgan. Isroil OAVlariga köra, arab saylovçilar orasida faollik 80 foizga yetgan.
Televizion ekzit-pollarga tayanib, Reuters'ning yozişiça, Netanyahuning Likud partiyasi 27 örin bilan peşqadam, Ayzenkotning Yaşar partiyasi esa 20-22 örin bilan undan keyin turibdi. Hozir Likud Knessetda 32 öringa ega. Bloklar deyarli teng: ikki kanal har ikki tomonga 51 tadan örin bergan. Arab partiyalari esa rekord natija - 18-19 örin olişi kutilmoqda.

Rasmiy sanoq hali davom etmoqda. Ovozlarning qariyb uçdan biri sanalganda Netanyahu bloki 59, muxolifat 46, arab partiyalari 15 örin olayotgandi. Biroq komissiya bu raqamlar özgarişi mumkinligini taʼkidlagan. Yakuniy natijalar bir neça kundan keyin maʼlum böladi.
Netanyahu va Ayzenkot nima dedi?

Ikki yetakçi ham natijani öz foydasiga talqin qildi. Netanyahu ğalabani oçiq eʼlon qilmadi, biroq Likud eng yirik partiya ekanini taʼkidlab, «kuçli, öng, milliy hukumat» tuziş zarurligini aytdi. «Sionizmga qarşi arab partiyalariga tayanadigan hukumat tuzib, Isroilni xavf ostiga qöyiş mutlaqo mumkin emas», dedi u.

Ayzenkot esa xalq özgariş uçun ovoz berganini aytdi. «Muvaffaqiyatsizlik koalitsiyasi xalq işonçini yöqotdi», dedi u. U Netanyahuni isteʼfoga çiqişga çaqirdi va natijalar ekzit-polga mos kelsa, hukumatni darhol almaştirişga kirişişini bildirdi.
Hukumatni kim tuzadi?
Endi asosiy kuraş koalitsiya muzokaralarida keçadi. Yakuniy natijalardan söng prezident Isxak Gersog partiya yetakçilari bilan maslahatlaşib, imkoniyati eng katta nomzodga hukumat tuzişni topşiradi. Unga 42 kun muddat beriladi. Heç kim uddalay olmasa, yangi saylov ötkaziladi, bu orada esa Netanyahu hukumati vaqtinça işlaşda davom etadi.


















