Rossiya iqtisodiyoti «haddan taşqari sovib ketgan» va hozirgi şaroitda biznes hamda investitsiyalarni rağbatlantiriş çoralari zarur. Bu haqda Sberbank prezidenti va boşqaruv raisi German Gref 3-sentabr kuni Şarqiy iqtisodiy forum doirasida jurnalistlarga maʼlum qildi.

Grefning taʼkidlaşiça, Rossiya Markaziy banki mamlakat iqtisodiyotidagi hozirgi jarayonni «bosqiçma-bosqiç sekinlaşuv» deb baholamoqda. Sberbank rahbari esa vaziyatni avval «soviş», endilikda esa «haddan taşqari soviş» deb ataş mumkinligini aytgan.

«Bugungi kunda, menimça, bu allaqaçon ayon. Har doim atamalarga qanday maʼno berişimizga boğliq söz öyini mavjud. Markaziy bank bosqiçma-bosqiç sekinlaşuv haqida gapirmoqda, biz esa vaziyatni soviş, endi esa haddan taşqari soviş deb ataymiz. Bugun raqamlarning özi hammasini körsatib turibdi», - degan Gref.

U öz bahosini 2026-yil yozida sezilarli yomonlaşgan biznes muhiti indikatori, işsizlik va isteʼmol körsatkiçlari, şuningdek asosiy kapitalning yalpi jamğarilişi bilan izohlagan.

Gref Rossiya iqtisodiyotining amaldagi ösiş surʼatlariga ham eʼtibor qaratgan.

2026-yilning birinçi yarmida mamlakat yalpi içki mahsuloti 0,6 foizga ösgan. Sberbank rahbarining qayd etişiça, bu Rossiya Markaziy banki 1,5–2 foiz deb baholayotgan iqtisodiyotning potensial ösiş surʼatidan sezilarli darajada past.

Rossiya Iqtisodiyot vazirligi maʼlumotlariga köra, iyul oyida mamlakat YAIM 2025-yilning şu oyiga nisbatan 0,6 foizga oşgan.

Taqqoslaş uçun, iyun oyida yillik iqtisodiy ösiş 1,7 foizni taşkil etgan edi. 2026-yil yanvar–iyul oylari yakunlari böyiça esa Rossiya iqtisodiyoti 0,6 foizga ösgan.

Sberbank rahbarining fikriça, iqtisodiyotda sezilarli buriliş yuz berişi uçun bozordagi foiz stavkalari normallaşişi zarur.

«Bozordagi stavkalar normallaşib, 10–12 foiz oraliğiga tuşmagunça biz burilişni körmaymiz», - degan Gref.

Uning taʼkidlaşiça, hozir makroiqtisodiy şaroitlarga alohida eʼtibor qaratiş lozim, biznes esa qöllab-quvvatlaşga muhtoj.

Şu munosabat bilan Gref davlat iqtisodiy ösiş va investitsiyalarni rağbatlantirişga qaratilgan siyosatga ötişi kerakligini bildirgan.