Germaniya iqtisodiyot va energetika vaziri Katerina Rayxe mamlakatda kelayotgan qish mavsumida gaz taʼminoti kafolatlanganini maʼlum qildi.

Uning aytishicha, ayni paytda Germaniyadagi yerosti gaz omborlari 54 foizdan sal koʻproqqa toʻldirilgan. Bu oʻtgan yilning shu davridagi koʻrsatkichdan sezilarli darajada past.

Shunga qaramay, vazir mamlakatning gaz taʼminoti turli manbalar hisobiga diversifikatsiya qilinganiga eʼtibor qaratdi. Xususan, Germaniya isteʼmol qilayotgan gazning 38 foizini Niderlandiya va Belgiyadan, 36 foizini Norvegiyadan oladi. Yana 18 foizi suyultirilgan tabiiy gaz - LNG hissasiga toʻgʻri keladi.

Rayxening taʼkidlashicha, hukumat ehtimoliy favqulodda vaziyatlarga ham tayyorgarlik koʻrgan va zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

U gaz taʼminoti xavfsizligini taʼminlash doimiy jarayon ekanini, bu borada hukumat bozorning barcha ishtirokchilari bilan birgalikda ish olib borayotganini bildirdi.

Gaz omborlaridagi zaxiralar 15 yillik eng past darajada

Shu bilan birga, Germaniya yerosti gaz va vodorod omborlari operatorlari uyushmasi - INES qishda tabiiy gaz taʼminotida uzilishlar yuzaga kelishi ehtimoli haqida ogohlantirdi.

Uyushma maʼlumotiga koʻra, sentabr oyi boshida mamlakat gaz omborlari taxminan 53 foizga toʻldirilgan. Bu tegishli statistika yuritila boshlanganidan buyon, yaʼni soʻnggi 15 yildagi eng past koʻrsatkich hisoblanadi.

Taqqoslash uchun, oʻtgan yili gaz omborlarida 53 foizlik daraja iyun oyi oxiridayoq qayd etilgan. Sentabr boshiga kelib esa omborlar taxminan 71 foizga toʻldirilgan edi.

INES hisob-kitoblariga koʻra, texnik jihatdan 1-noyabrga qadar omborlarning toʻldirilish darajasini taxminan 77 foizga yetkazish imkoniyati bor. Biroq buning uchun gaz zakachka qilish surʼatlarini keskin oshirish talab etiladi.

Xususan, qolgan ikki oy davomida omborlarga avvalgi uch oyda jami zakachka qilinganidan ham koʻproq gaz joylashtirilishi kerak.

Mutaxassislar fikricha, omborlar 77 foizga toʻldirilsa, odatiy harorat kuzatiladigan qish mavsumini oʻtkazish uchun zaxira yetarli boʻlishi mumkin.

Biroq 2010-yildagidek oʻta sovuq qish takrorlansa, bu miqdor yetarli boʻlmasligi mumkin. INES prognozlariga koʻra, bunday ssenariyda Germaniya gaz omborlari fevral oyi boshidayoq butunlay boʻshab qolishi ehtimoli bor.