«Bunyodkor» stadioni qarzdorlik sabab 4-sentabr kuni elektr taʼminotidan toʻliq uzildi. Ofisi mazkur stadionda joylashgan Oʻzbekiston Professional futbol ligasi «svet» yoʻqligi sababli vaqtincha masofadan ishlashga oʻtganini maʼlum qildi.
«Mazkur holat Superliga va Proliga uchrashuvlarining translyatsiya jarayoni hamda internet translyatsiyalarini taqdim etishda sifatning pasayishiga olib kelmoqda. Maʼlumki, rasmiy uchrashuvlar davomida liga translyatsiya signallarini oʻzida qabul qilib, markazlashtirilgan tartibda ularni turli platformalar orqali qayta uzatish ishlarini amalga oshiradi. Biroq stadiondagi elektr energiyasi bilan yuzaga kelgan muammo sababli liga serverlari toʻliq nofaol holatga keldi. Shundan kelib chiqib, Liga uchrashuvlardan signallarni qayta uzatishda tashqi serverlardan foydalanmoqda. Liga bilan bogʻliq yumushi boʻlgan tashkilotlar va jismoniy shaxslardan murojaatlarni [email protected] elektron pochtasi orqali yuborishlari soʻraladi», deyiladi PFL xabarida.
Maʼlumot uchun, yil boshidan beri «Bunyodkor» klubida jiddiy moliyaviy muammolar kuzatilyapti. Aprel oyida ham kommunal toʻlovlardan qarzdorlik sabab «Bunyodkor» stadioni va akademiyasi issiq va sovuq suv, shuningdek, elektrdan uzib qoʻyilgandi.
















