Fargʻonada tuman hokimi lavozimiga ishga joylashtirib qoʻyishni vaʼda qilgan shaxs tezkor tadbirda qoʻlga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, S.A. fuqaro I.D.ga oʻzini hakamlik sudi sudyasining yordamchisi deb tanishtirib, goʻyoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali 210 ming dollar evaziga uni Uchkoʻprik tumani hokimi lavozimiga ishga joylashtirib qoʻyishini aytgan.

S.A. kelishilgan puldan 100 ming dollarini olganda departamentning Fargʻona viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ushlangan. 

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.