Oʻtgan kun davomida jahonda roʻy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz. Yaqin Sharqda AQSH va Eron oʻrtasidagi qarama-qarshilik yanada keskinlashdi, husiychilar Saudiya Arabistoni janubi boʻylab hujum uyushtirdi. Norvegiya esa qirol Harald V bilan vidolashmoqda.
Putin va Tramp qoʻngʻiroqlashdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSH prezidenti Donald Tramp 8-sentabr kuni telefon orqali yana bir bor muloqot qildi.
Kreml maʼlumotiga koʻra, suhbatda Ukraina urushi va Moskva–Vashington munosabatlarini tiklash masalalari muhokama qilingan.
Tramp urushni imkon qadar tezroq yakunlashni istashini aytgan. U urush yakunlanishi Rossiya va AQSH oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni qayta tiklash uchun katta imkoniyatlar ochishi mumkinligini qayd etgan.
Putin esa Rossiyaning Yevropa davlatlariga nisbatan «dushmanona rejalari yoʻqligi»ni taʼkidlagan. Tomonlar asirlar almashinuvini davom ettirish va aloqani saqlab turishga kelishib olgan.
Shu bilan birga, AQSH elchilarining Moskva va Kiyevga tashrifi munosabati bilan eʼlon qilingan vaqtinchalik sulh tugab, Rossiya harbiylari Ukraina boʻylab havo zarbalari yoʻllashni davom ettirmoqda. Xususan, Kiyevda soʻnggi portlashlar oqibatida besh kishi halok boʻlib, 20 dan ortiq kishi yaralangan.
Saudiyaga hujum
Eron tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan Yaman husiychilari Saudiya Arabistoni janubidagi qator shaharlar va energetika obyektlariga raketa va dron hujumlarini amalga oshirdi.
Abha, Jizon, Najron va Xamis-Mushayt shaharlari zarba ostida qolgan. Saudiya rasmiylariga koʻra, hujum oqibatida kamida 73 kishi jarohatlangan. Ayrim neft obyektlari va infratuzilma inshootlarida yongʻin chiqqan. Jizondagi kuniga 400 ming barrelgacha neft qayta ishlay oladigan zavod hujum nishonlaridan biri boʻlgan.
Bu voqealar ortidan jahon neft bozorida narxlar keskin koʻtarildi. 9-sentabr tongida Brent nefti narxi 99,49 dollargacha chiqdi – bu iyun oyi oxiridan beri eng yuqori koʻrsatkich. AQShning WTI nefti esa 94,63 dollargacha qimmatlashdi.
Eron tankerlariga hujum
Yaqin Sharqda AQSH va Eron oʻrtasidagi toʻqnashuvlar davom etmoqda. AQSH harbiylari Eronga tegishli 5 ta neft tankeriga zarba berilganini maʼlum qildi.















