Har bir mahallada viloyat hokimi yordamchisi – yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bo‘yicha mahallagacha tushadigan vertikal tizim yaratilishini ma'lum qildi.
9 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida tibbiyot sohasidagi muammolar bilan birga «hokim yordamchilari» va «Yashil makon» umummilliy loyihasi ham muhokama qilindi.
«Saylovoldi dasturida aytilganidek, kelgusi yil 1 yanvardan respublikaning 9 ming 259ta mahallasida «hokim yordamchilari» ish boshlaydi. Topshirig‘imga ko‘ra, ikki hafta davomida ishchi guruh Jizzax viloyatidagi 299ta mahallaning salohiyati va muammolarini o‘rganib, ular uchun eng munosib nomzodlarni birma-bir suhbat asosida tanlab oldi.
Shuningdek, Arnasoy, Do‘stlik, Zomin, Mirzacho‘l, Sharof Rashidov tumanlari va Jizzax shahrida tuman hokimlari, hokim o‘rinbosarlari, mahalla raislari va tanlab olingan nomzodlar uchun amaliy seminarlar o‘tkazildi. Har bir hududda «Jizzax namunasi» asosida ishni tashkil qiladilar.
Viloyat hokimlari vakillar bilan birga, o‘n kun muddatda har bir mahalla bo‘yicha «hokim yordamchisi» uchun nomzodlarni aniqlasin. Bunda nomzodning bilimi, tajribasi, tashabbuskorligiga hamda u ish boshlaydigan mahallaning o‘ziga xosligi va mavjud imkoniyatlaridan foydalana olish salohiyatiga alohida e'tibor qaratish zarur.
Navbatdagi masala – joriy yilda yoshlar bilan o‘tkazilgan forumlar, saylovoldi uchrashuvlarida yoshlar siyosati bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar va juda katta marralarni belgiladik. «Yangi-O‘zbekiston» bunyodkorlari, albatta yoshlar hisoblanadi. Ularning bu ishlarga intilishi, ko‘zlaridagi ishonch barchamizni yanada shijoat bilan ishlashga undaydi.
Bu borada, yoshlar bo‘yicha mahallagacha tushadigan vertikal tizim yaratamiz. Har bir yosh e'tibordan chetda qolmasligi kerak. Yoshlarimizni turli xavf-xatarli yo‘llardan jilovlashimiz shart. Yoshlarni yomon deymiz, lekin ular yaxshi bo‘lishi uchun nima qilyapmiz. Qayerda yozuvchilar, shoirlar, harbiylar va umuman ibrat bo‘ladigan insonlar bilan uchrashuvlar qilyapmiz? Endi mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, har bir mahallada viloyat hokimining yordamchisi – yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etiladi», degan prezident.
Yoshlar siyosati eng muhim masalalardan biri ekanligini inobatga olib, ushbu yoshlar prezident vakili bo‘ladi. Ularning asosiy vazifalari:
- «yoshlar daftari» va yoshlar dasturlarini shakllantirish va ularning ijrosini ta'minlash;
- mahalladagi har bir yoshlar bilan manzilli ishlab, ularning muammolarini hal etish;
- yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ayniqsa «Beshta muhim tashabbus» ijrosini tashkil etish;
- yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash;
- hokim yordamchilari bilan birgalikda yoshlarning kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish va bandligini ta'minlashdan iborat bo‘ladi.
«Har bir viloyat hokimi 15-20 dekabr kunlari prezidentga investitsiya, sanoat, tadbirkorlik, yer ajratish masalalari bilan birga, yoshlarni ishga joylashtirish bo‘yicha ham alohida hisobot beradi.
Har bitta hokimning yoshlarning hafta davomida madaniyat, kitob o‘qish, sport bilan shug‘ullanish, kasb-hunarni o‘rganish bo‘yicha kunlik rejalari bo‘lishi shart.
Birorta stadion, birorta madaniyat saroyi bo‘sh turmasin. Qishin-yozin tadbirlar, musobaqalar uyushtirilsin. Yoshlar masalalari bilan endi shaxsan o‘zim shug‘ullanaman», dedi prezident.
Mavzuga oid
15:58 / 16.12.2024
Iqtisodiy kompleksda 300 ga yaqin rahbar ishdan olindi - prezident
16:08 / 14.12.2024
“Bog‘cha to‘lovi qisman qoplanadi, uyda qarash xizmati yo‘lga qo‘yiladi” – videoselektordan va’dalar qanday?
16:57 / 25.10.2024
Talabalar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha davra suhbatlari o‘tkazilmoqda
13:18 / 13.08.2024