Mamlakatimiz sudlarida intellektual mulk bilan bog‘liq ko‘rilayotgan ishlar soni yildan yilga ortib bormoqda. 2011 yilda 22 ta shunday ish ko‘rilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu 213 tani tashkil etgan. O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish harakatida ekan, intellektual mulk sohasini huquqiy muhofaza qilishi tizimini qayta ko‘rib chiqishi, shu yo‘nalishga ixtisoslashgan alohida sudlar tashkil etilishi lozim, deb hisoblaydi mutaxassis.

Foto: Shutterstock

Har bir mamlakatning yuqori darajada iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi, jamiyatdagi hayot farovonligini oshirish uchun intellektual mulk muhofazasi kuchli huquqiy tizimga ega bo‘lishi, intellektual mulk mualliflari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi lozim.

Intellektual mulk huquqiy jihatdan kuchli muhofazaga olinsa, ixtirochi va ijodkorlarga yaratgan obektlari uchun munosib haq to‘lansa, ushbu soha investitsiyalar uchun jozibador bo‘lsa, bunda o‘z o‘zidan  iqtisodiyotni taraqqiy ettirishga zamin yaratiladi.

Intellektual mulk obektlari bugungi kunda fuqarolik munosabatlarida ko‘p uchraydigan, ayniqsa rivojlangan davlatlar  iqsodiyotining katta daromad manbaiga aylanib ulgurgan, yangi zamonaviy bilimlarga asoslangan inson tafakkuri mahsuli sifatida ajralib turadi.     

Intellektual mulk mamlakatlarning jahon bozoridagi qaysidir yo‘nalishni egallash yo‘lidagi asosiy shartlardan biri bo‘lib, bugungi kunda intellektual mulk Yevropada yalpi ichki mahsulotning 45 foizini, Xitoyda 12, Rossiyada esa 7 foizni tashkil etadi.

Aytish joizki, AQSh, Germaniya, Yaponiya singari sanoati taraqqiy etgan davlatlarda yalpi ichki mahsulot o‘sishining 80 — 95 foizi texnika va texnologiyalarda o‘z ifodasini topgan yangi bilimlar hamda innovatsiyalar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.  

Ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish, bu sohadagi yutuqlarni yuqori yuqori bahodagi mahsulotga aylantirishda intellektual mulkning ishonchli muhofazasini ta’minlash muhim omillardan biri hisoblanadi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 27-moddasiga muvofiq, “Har kim o‘zi muallif bo‘lgan ilmiy, adabiy yoki badiiy asarlardan kelib chiqadigan ma’naviy va moddiy manfaatlarini himoya qilishga haqlidir”.

Shunga ko‘ra, intellektual mulkni himoya qilishning ta’sirchan mexanizmlari joriy etilishi rivojlangan davlatlar iqtisodiyotining poydevorini tashkil etadi va butun dunyoda mualliflar va ularning huquqiy vorislari manfaatlarini ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.