«Bolalarimizni maktab partasiga qaytardik» – prezident taʼlimdagi islohotlar haqida
Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻqituvchi va murabbiylar bilan uchrashuvda maktab yillarini eslab, oʻsha davrda oʻquvchilar har yili paxta yigʻimiga jalb qilinganini esladi.
«Men 11 yillik maktab attestatini olganman. Lekin 11 yil toʻliq oʻqimaganman. Maktabga borganman, ammo har yili 4–5 oy paxtada boʻlganman», – dedi prezident.
Davlat rahbari bolalarning oʻqishi, izlanishi, kamol topishi va katta orzular bilan yashashi uchun sharoit yaratilganini taʼkidladi.
«Taʼlimni rivojlantirish Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning eng muhim boʻgʻinidir», – dedi prezident.
Oʻn yilda 1 million 800 ming oʻrinli bogʻchalar va 1,5 million oʻrinli maktablar barpo etildi, 10 mingdan ziyod bogʻcha va maktab zamonaviy koʻrinishga keltirildi.
«Biz bolalarimizni paxta dalasidan maktab partasiga, oʻqituvchilarni taʼlim jarayoniga qaytardik», – dedi u islohotlarning eng katta natijasi haqida toʻxtalib.
Avtobusda nazoratchiga qarshilik qilgan yoʻlovchi uch sutkaga qamaldi
Toshkent shahri Chilonzor tumanida avtobusda yoʻl haqini toʻlamagan, tekshiruv vaqtida janjal chiqarib, nazoratchiga kuch ishlatishga uringan yoʻlovchi jazolandi. Hodisa nazoratchining bodi kamerasiga yozib olingan.
«Toshkent shahar yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish» davlat muassasasi xabariga koʻra, voqea 15-avgust kuni Chilonzor tumanida oʻtkazilgan nazorat reydi vaqtida sodir boʻlgan.
Maʼmuriy ish 24-sentabr kuni jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudida koʻrib chiqilgan. Sud fuqaroga 3 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlagan.
Xabarda qayd etilishicha, toʻlovni amalga oshirmagan yoʻlovchi chiptasiz harakatlanayotgan deb hisoblanadi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 144-moddasi 5-qismi asosida jarimaga tortiladi.
Rasmiy daromadli shaxsga oila aʼzosi uchun ijtimoiy soliq toʻlash imkoniyati yaratiladi
«Davlat pensiya taʼminotiga oid zamonaviy xizmatlarni joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi prezident qarori qabul qilindi.
Unga koʻra, 2027-yil 1-yanvardan rasmiy daromadga ega boʻlgan shaxsga ishlamaydigan oila aʼzosi ish stajiga ega boʻlishi uchun har oyda ixtiyoriy ravishda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 12 foizi miqdorida ijtimoiy soliq toʻlash huquqi beriladi.
2026-yil sentabr holatiga koʻra, mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori – 1 mln 360 ming soʻmga teng. Uning 12 foizi 163 ming 200 soʻmni tashkil qiladi.
Toshkentda yuzlab fuqarolarni chuv tushirgan «kiberbunker» aniqlandi
Toshkent viloyati IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari oʻtkazgan tezkor-qidiruv tadbirida koʻp qavatli uyda tashkil etilgan koll-markaz - «kiberbunker» fosh etildi.
Unda faoliyat yuritgan jinoiy guruh aʼzolari fuqarolarga ajratilgan kredit yoki mikroqarzni oʻzlashtirish bilan shugʻullangan. Tekshiruvda noqonuniy markazda besh nafar operator ishlagani aniqlangan. Ular ijtimoiy tarmoqlardagi soxta onlayn doʻkonlar nomidan yuzlab fuqarolarga qoʻngʻiroq qilgan.
Tezkor tadbir davomida 10 ta kompyuter jamlanmasi, sakkizta mobil telefon, fuqarolarning shaxsga doir maʼlumotlari va boshqa narsalar ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyilgan.
Oʻqituvchilar uchun bir oylik majburiy malaka oshirish tartibi bekor qilinadi
Oʻqituvchilar uchun bir oylik majburiy malaka oshirish tartibi bekor qilinadi, dedi prezident Shavkat Mirziyoyev oʻqituvchi va murabbiylar bilan uchrashuvda.
Uning oʻrniga oʻqituvchilarga toifa sinovidagi natijasiga qarab, oʻzi xohlagan joyda 18 soatdan 72 soatgacha mustaqil malaka oshirish uchun kasbiy rivojlanish vaucheri beriladi. Buning uchun mablagʻni davlat ajratadi.















