15 fevral – Xalqaro bolalar onkologiyasiga qarshi kurashish kunida, O‘zbekistonda onkologik tashxis qo‘yilgan bolalarga yordam ko‘rsatuvchi «Ezgu amal» jamoat fondi o‘z faoliyatiga doir hisobot taqdimotini o‘tkazdi.

Taqdimotda ishtirok etgan jamoatchilik faoli, jurnalist Irina Matviyenko o‘z misolida onkologiya sohasida duch kelgan muammolari haqida so‘z yuritdi.

«5–6 yil avval onkologik kasallikka chalinganlarga yordam beruvchi fond ochishni rejalashtirgandim. Qo‘l mehnati bilan tayyorlangan buyumlar savdosini yo‘lga qo‘yish va bundan tushadigan mablag‘ga bemorlarga yordam ko‘rsatish nazarda tutilgandi. Fond uchun homiylar ham topilgan, pul berishga tayyor bo‘lganlar bor edi.

Ammo fondni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Adliya vazirligidan 4 marotaba rad javobini olganman. Vazirlik xodimi chaqirib: «Fond nizomi mukammal ishlab chiqilgan, ammo sizga yuqoridan ruxsat berishmayapti, shuning uchun baribir rad qilishda davom etamiz», degan.

Shundan keyin qanotlarim sindi va bu ishni tashlab qo‘ydim. Hozir «Ezgu amal» jamoat fondi singari bu bilan shug‘ullanayotganlar borligidan xursandman.

O‘shanda bemorlarga «SMS» orqali mablag‘ yig‘ishni yo‘lga qo‘yish uchun mobil aloqa operatorlari bilan gaplashganmiz. Ma'lum bo‘lishicha, «SMS» orqali o‘tkaziladigan har bir mablag‘dan taxminan 30 foiz atrofida avtomatik ravishda soliq ushlab qolinar ekan. «SMS»dan tushayotgan pullar saytda ko‘rinishi kerak edi. Deylik, bir kishi 10 ming so‘m xayriya qilsa, shundan faqatgina 7 ming so‘m hisobga tushganini saytdan ko‘radi. 3 ming avtomatik ravishda soliqqa ketadi. Beeline kompaniyasi bilan bu borada gaplashganimizda masalani hal qilishga urinishgan, lekin bu borada qonunchilikda hech qanday imtiyoz ko‘zda tutilmagan. Shunda kompaniyadagilar soliqqa ketayotgan foizni o‘z hisoblaridan qoplab berishlarini aytishgan.

Lekin nega? Bu farqni aloqa operatori yopishi kerak emas. Mayli, kompaniya istasa agar, o‘zi ko‘ngilli ravishda bemorlarga yordam uchun pul o‘tkazishi mumkin. Lekin u soliqdagi farqni qoplashga majbur emas. Bu – davlatning majburiyati. Davlat xayriya maqsadida amalga oshiriladigan har qanday to‘lovlarni soliqdan ozod qilishi lozim. Balki shunda O‘zbekistonda bemorlar uchun «SMS» orqali kerakli mablag‘ni yig‘ish amaliyotini ham yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi», – deydi u.

Matviyenko respublika onkologiya markazi haqida to‘xtaldi.

«Ezgu amal» onkologiya sohasidagi muammolarni ko‘tarib chiqqach, Respublika onkologiya markazi go‘yoki hammasi joyida ekani haqidagi materialni chop etdi. Shunda men o‘z Telegram-kanalimda odamlardan saraton bilan bog‘liq baxtli yakun topgan hikoyalarni yuborishlarini so‘radim.