2017 yilning 22 mart kuni O‘zbekiston Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rasmiy saytida Bandlikka ruxsat berish tizimining koreys tilidan test sinovlari bo‘yicha xabar e'lon qilindi. Unga ko‘ra, 27-28 mart kunlari ro‘yxatga olishning birinchi bosqichi o‘tkazilib, unda nomzodlar onlayn anketa to‘ldirishi, 29-30 mart kunlari bo‘ladigan ikkinchi bosqichda esa koreys tilidan onlayn savol-javobda ishtirok etishi belgilangandi.
Kutilganidek, yuz minglab fuqarolarimiz o‘z omadini sinab ko‘rish maqsadida ro‘yxatdan o‘tishga kirishdi. Katta tomosha ana shunda boshlandi. Kun boshidanoq odam ko‘pligi uchun sayt qotib qoldi. So‘ngra ro‘yxatga olish bir kunga qoldirildi. Ko‘pchilik katta qiyinchilik bilan ro‘yxatdan o‘ta oldi.
Nomzodlar soni nihoyatda ko‘pligi sababli ikkinchi bosqich uchun yangi qoidalar ishlab chiqildi: hamma o‘z familiyasining bosh harfi uchun ajratilgan vaqtda savol-javobda ishtirok etadigan bo‘ldi. Yaxshi o‘ylangan taktika. Biroq yana texnik jihatdan muammolar paydo bo‘ldi. Kimdir ro‘yxatdan o‘tish vaqtida berilgan login-paroli noto‘g‘ri ekaniga duch kelsa, kimdir navbati kelishini kutib sarg‘aydi. To‘rt kunlik tomosha asnosida Migratsiya agentligi tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarga bir sidra nazar tashlab chiqishga qaror qildik.
Kerakli darajada texnik tayyorgarlik ko‘rilmagan
Onlayn ro‘yxatga olish jarayonida ishtirok etish niyatida bo‘lganlar soni juda ko‘p ekani oldindan ma'lum edi. Bu esa onlayn jarayonni to‘g‘ri, uzluksiz va samarali tashkil etish bo‘yicha avvaldan jiddiy tayyorgarlik ko‘rishni taqozo etar edi. Natija esa kutilganidek bo‘lib chiqmadi. Sinovlarning birinchi kuni aloqa vazirligida ishlovchi do‘stim bilan suhbatlashdim. Aytishicha, agentlik yordam so‘rab murojaat qilibdi. Nega bunchalik kech? Kuniga olti yuz ming-bir million kishi kirsa ham hech qanday qiyinchiliklarsiz faoliyat ko‘rsatayotgan milliy saytlar O‘zbekistonda ham kuchli xostinglar borligi va har qancha hajmdagi ma'lumotlar va ko‘p sonli abonentlar bilan ishlash imkoni mavjudligidan dalolat beradi. Agarda Migratsiya agentligi foydalanuvchilar sonining keskin ortib ketishini hisobga olgan holda texnik tayyorgarlikni o‘z vaqtida, keraklicha ko‘rganida, sayt bu qadar qotib ishlamas edi.
Fuqarolar bilan qo‘pol muomalada bo‘lish
Onlayn savol-javoblar o‘tkazilgan birinchi kunda Telegram orqali fuqarolarning agentlik ishonch raqamlari operatorlari bilan suhbatlari keng tarqaldi. Fuqarolar haqli ravishda o‘zlarini o‘ylantirgan masala bo‘yicha aniq savollarni o‘rtaga tashlagan. Biroq operatorlar ular bilan adekvat suhbatlashmadi. Savollarga aniq va qoniqarli javob berish tugul, muloyimlik, bosiqlik va hurmat bilan muomalada bo‘lmagani, ba'zi o‘rinlarda ohang-ovozini balandlatgani, fuqarolarni mensimagani aniq ko‘zga tashlanib qoldi. Operatorlar ohangida “Seni kim majburlayapti”, “eplasang shu” qabilidagi balanddan kelish, mensimaslik ma'nolarini anglash qiyin emas...




















