Jamiyat | 18:14 / 07.10.2019
15985
2 daqiqa o‘qiladi

Ikki oy oldin Xonoboddan piyoda yo‘lga chiqqan sayohatchi Qoraqalpog‘istonga yetib keldi

Foto: t.me/BezGosUzb

1 iyul kuni O‘zbekistonning eng sharqiy nuqtasi – Andijon viloyatining Xonobod shahridan Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumaniga piyoda yo‘lga chiqqan Sohib Rajabov 5 oktyabrda Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l shahriga yetib keldi.

Rajabov Telegram`dagi o‘z kanalida yozishicha, sayohatga chiqishidan maqsad – O‘zbekiston aholisiga o‘zlari yashayotgan mamlakat qanchalik xavfsiz va mehmondo‘st ekanini ko‘rsatishdir.

U yo‘lga chiqqan Xonobod shahridan manzil Mo‘ynoqqacha 1700 km.ni tashkil etadi. Uning yo‘lga chiqqaniga 2 oy 7 kun bo‘ldi.

Sohib uzoq vaqt piyoda yurayotgani sabab yo‘lda bir necha marta to‘xtab, shifoxonada davolanishiga to‘g‘ri kelgan.

Sayohatchi safari davomida o‘zi duch kelayotgan voqea-hodisalar haqida «Peshkom po Uzbekistanu» kanalida post qoldirib, foto va videolar ulashib kelyapti.

Jumladan, shu oy boshida u 3 yildan buyon dunyoni velosipedda sayr qilib yurgan yaponiyalik Nao bilan uchrashgani haqida yozgan.

7 oktabr kuni joylagan suratiga qaraganda, Sohib Rajabovning Urganchga yetishiga chamasi 10 km qoldi.

Sohib Rajabovning yo‘lidagi yirik shaharlar xaritada qizil nuqta bilan belgilangan.

Mavzuga oid