18:33 / 09.02.2020
1
57333
Koronavirus o‘chog‘idan evakuatsiya, Trampning tantanasi, Qozog‘istondagi qonli voqealar hamda haftaning boshqa xabarlari

Yakunlanayotgan hafta ham barcha haftalarda bo‘lganidek muhim jarayonlarga boy bo‘ldi, jahonning turli nuqtalarida ham, O‘zbekistonda ham e'tiborga molik voqealar bo‘lib o‘tdi. Kun.uz o‘tgan haftaning eng asosiy va diqqat markazida turgan mavzulari bo‘yicha haftalik dayjestni taqdim etadi.

Pompeoning O‘zbekistonga amalga oshgan tashrifi va Mirziyoyevning Rossiyaga amalga oshmagan tashrifi

AQSh Davlat departamenti rahbari Maykl Pompeo Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoga tashrifi doirasida 2 fevral kuni kechqurun Toshkentga keldi. U shu kuni kechqurun Toshkent shahri bosh imom xatibi Nuriddin Xoliqnazarov va boshqa diniy faollar bilan uchrashdi. Asosiy tadbirlar 3 fevral kuni bo‘lib o‘tdi. Dastlab O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilov bilan muzokara o‘tkazgan AQSh Davlat kotibi mahalliy va xorijiy jurnalistlar uchun matbuot anjumanida ishtirok etdi, kunning ikkinchi qismida esa Toshkentda Markaziy Osiyo va Amerika Qo‘shma Shtatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlarining «C5+1» shaklidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Maykl Pompeo Xitoy kompaniyalari bilan raqobat va O‘zbekistonga kiritiluvchi investitsiyalar haqida so‘zlab berdi.

Matbuot anjumani chog‘ida Associated Press jurnalisti Pompeoga davlat kotibi Markaziy Osiyoga tashrifi davomida Xitoy va uning investitsiyalarining ushbu mamlakatlarga ta'sirini tashvishlanib tilga olgani, ayniqsa Huawei tomonidan 5G texnologiyasi joriy etilishini alohida qayd etgani haqida eslatdi.

Pompeo bunga javoban AQSh O‘zbekistonni shaffof qonun ustuvorligi va investitsiyalar uchun qulay muhit yaratishda qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qildi.

«Biz AQSh kompaniyalari O‘zbekistonda yangi imkoniyatlar va yangi ish o‘rinlari yaratishni davom ettirish imkoniga ega bo‘lishini istaymiz. Shuning uchun bizning vazifamiz aniq, bu yerda buyuk ikki tomonlama sherik bo‘lish, nafaqat ikki tomonlama, balki ko‘p tomonlama asosda ishlash.

Biz aminmizki, Amerika kompaniyalari O‘zbekistonga kelganida biz bu yerda mahalliy aholi uchun ish o‘rinlarini yaratamiz, mahalliy qoidalarga rioya qilamiz, atrof-muhitni ifloslantirmaymiz. Biz yaxshi fuqarolarmiz, biz yaxshi qo‘shnilarmiz. Amerika kompaniyalari va Amerika investitsiyalari ushbu mamlakatning mustaqilligi va suvereniteti talabiga javob.

U qo‘shma shtatlar dunyoning istalgan nuqtasida adolatli raqobatni ijobiy qarshi olishini ma'lum qilgan: «Boshqa davlatlar shaffoflik va ochiqlik qoidalariga rioya qilgan holda, davlat tomonidan homiylik qilingan siyosiy sabablarga ko‘ra emas, balki haqiqiy bozor bitimlarini amalga oshiradigan raqobat. Bunda davlat tomonidan siyosiy maqsadlarni ko‘zlab homiylik qilinadigan raqobat emas, balki boshqa davlatlar ham shaffoflik va oshkoralik qoidalariga rioya qilgan holda haqiqiy bozor bitimlarini amalga oshiradigan vaziyatdagi raqobatni qo‘llab-quvvatlaymiz».

Pompeoning so‘zlariga ko‘ra, u O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar mamlakatlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlikning yaxshi natijalari tufayli o‘sishda davom etishiga ishonch bilan mintaqani tark etadi. U AQShni O‘zbekistonning haqiqiy do‘sti deb atadi.

OAVda Xitoyning Toshkentdagi elchixonasi Pompeoga jiddiy e'tiroz bildirgani haqida xabarlar tarqaldi. 

«Elchixona vakillarining tilidan anchagina qo‘pol va xunuk bayonot berilgan. Bu bayonot Pekindan yangrasa ham mayli edi. Shundoqqina Toshkentda yangrayapti. Pompeoning mazkur Yevroosiyo safarining asosiy mazmuni «ig‘vogarlik va tuhmat»dan iboratdir, deyishgan xitoylik diplomatlar. 

Nazarimizda, xitoylik diplomatlarning bunchalik junbishga to‘la so‘zlari AQShdan ko‘ra Markaziy Osiyo mamlakatlariga qaratilgan ko‘proq. Shuning uchun ham Xitoy bilan iqtisodiy, siyosiy va boshqa munosabatlarda ehtiyotkorlik asosiy mezon bo‘lishi kerak», deya yozadi telegramdagi davletovuz kanali.

Tashrif doirasida Pompeo O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ldi.

Bu tashrif ortidan, 4 fevral kuni internetda Shavkat Mirziyoyevning 5 fevral kuni Rossiyaga amalga oshirilgan tashrifi bekor bo‘lgani haqida xabar tarqaldi. Bungacha ushbu tashrif qoldirilgani to‘g‘risida rasman xabar berilmagandi.

RF prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Moskvaga tashrifi umuman rejada bo‘lmagani haqida gapirdi.

Lekin yanvar oyida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ushbu tashrif keyinroqqa qoldirilishi ma'lum qilingani ma'lum bo‘ldi.

Xitoydan kelgan uchta reys

4-5 fevral kunlari Xitoydan O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilish jarayoni bo‘lib o‘tdi.

Dastlab, 4 fevral kuni Pekin shahri aeroportidan Toshkent shahriga charter reys bilan O‘zbekistonning 250 nafar fuqarosi olib kelinib, karantinga joylashtirildi.

5 fevral kuni Xitoyning Uxan shahridan O‘zbekistonning yana bir maxsus bortida 84 kishi olib kelindi (shundan 5 nafari Qozog‘iston fuqarosi). 

6 fevralga o‘tar kechasi, mahalliy vaqt bilan 04:40 Pekindan uchgan uchinchi reys Toshkentga yetib keldi. Samolyot bortida 251 yo‘lovchi olib kelindi va ular ham ikki hafta nazorat ostida saqlash uchun karantin hududiga joylashtirildi.

Bundan tashqari, Yangi Zelandiya Uxandan qariyb 200 kishini evakuatsiya qildi. Ular orasida 1 nafar O‘zbekiston fuqarosi ham bor.

Har kuni O‘zbekistonga kirishda barcha chegara punktlari qat'iy nazorat qilinmoqda, kirib keluvchilar maxsus tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Toshkent shahrida avtobuslarni yuqumli kasalliklarga qarshi dezinfeksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda 8 fevral holatiga ko‘ra koronavirus aniqlanmaganini ma'lum qilgan.

Trampning tantanasi

4 fevral kuni kechqurun AQSh prezidenti Donald Tramp kongressga mamlakatning holati bo‘yicha har yillik murojaatnoma bilan yuzlandi.  U o‘z chiqishida Eronga qarshi sanksiyalar, OITSga qarshi kurash, Marsga o‘rnatiladigan bayroq haqida gapirdi.

Bu yilgi murojaati kichik mojaro bilan yodda qoladigan bo‘ldi -  Vakillar Palatasi spikeri Nensi Pelosi uning nutqi yozilgan qog‘ozlarni parcha-parcha qildi.

5 fevral kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari tarixida prezidentni hukumatdan chetlatishga bo‘lgan uchinchi urinish ham muvaffaqiyatsiz yakunlandi: Senatni qo‘lga olgan respublikachilar Donald Trampning muxoliflari tomonidan unga qarshi surilgan ayblovlarni asossiz deb topdi.

Impichment ishi yakunlangach, Oq uyda chiqish qilgan Tramp sodir bo‘lgan voqealarni «o‘ziga xos bayram» deb atadi, u impichment jarayonini «yovuz» va «korrupsiyaga botgan» deb hisoblaydi.

«Agarda Jyeyms Komini ishdan haydab yubormaganimda, hozir bu yerda turmagan bo‘lardi. Ayblov arzimagan narsa. Bu do‘zax bo‘ldi», dedi Tramp.

AQSh Federal qidiruv byurosining sobiq rahbari. Donald Tramp 2017 yilning mayida Komini iste'foga chiqargan edi. Tramp FQBning sobiq direktorini sirlarni ochib qo‘yishda ayblagan.

8 fevral kuni Tramp impichment jarayoni doirasida ma'muriyatning o‘ziga qarshi guvoh sifatida ishtirok etgan bir necha vakilini ishdan bo‘shatdi.

Koronavirusning yangi qurbonlari

8 fevral kuni kechqurungi holatga ko‘ra, Xitoyda koronavirusdan vafot etganlar soni 89 nafarga ko‘payib, 811 nafarga yetdi. Bu esa 2002-2003 yillarda avj olgan atipik zotiljam (SARS) epidemiyasi qurbonlari sonidan (2003 yil 31 dekabrga ko‘ra, SARS’dan o‘lim holatlari deyarli 30 davlatda qayd qilinib, qurbonlar soni 774 nafarni tashkil qilgan) ko‘proqdir. Kasallanganlar soni 37198 nafarga yetgan, 2649 kishi sog‘ayib ketgan. 

Yakunlangan haftadagi eng shov-shuvli o‘lim - Uxandagi gospitalda bu virus haqida ilk bor xabar bergan shifokor Li Venlyanning o‘limi bo‘ldi.

34 yoshli shifokor 7 fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 02:58da olamdan o‘tgan. Li Venlyan 2019 yilning dekabrida virus yuqtirib olgan bemorlar haqida hamkasblarini ogohlantirishga uringan. Dastlab u atipik pnevmoniya epidemiyasini chaqiradigan virus haqida WeChat orqali ommaga ma'lum qilgandi.

Lining o‘limi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilina boshlangach, amaldorlar uning tanasini hayotni ta'minlash tizimiga ulab qo‘yishni va xabardagi «o‘ldi» jumlasini «og‘ir ahvolda yotibdi»ga o‘zgartirish bo‘yicha topshiriq bergan.

2019 yil dekabrida Li Venlyan birinchi bo‘lib dengiz mahsulotlari sotiladigan bozori ishchilarida noma'lum virusga chalinish alomatlari borligini aniqlagandi. U ushbu kasallikning 2003 yilda tarqalib, atipik pnevmoniya xastaligini keltirib chiqargan SARS virusi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan. Shifokor Weibo ijtimoiy tarmog‘i orqali ushbu vaziyatni hamkasblari bilan muhokama qilgan.

Ushbu voqeadan keyin Venlyan va uning hamkasblari politsiyaga chaqirilgan, ulardan bu kabi axborotlarni tarqatishni to‘xtatib jamoat tartibini buzganlik bo‘yicha aybni yozma ravishda tan olish talab qilingan.

Shifokor ishiga qaytgach, 10 yanvarda uning bemorlaridan birida 2019-nCoV koronavirusi aniqlangan. Ikki kun o‘tgach Venlyanning o‘zi ham shifoxonaga yotqizilgan.

Yaponiya qirg‘oqlari yaqinida 3500 kishi kruiz laynerda karantin tufayli qamalib qolgan

«Daymond Prinsess» layneri Yaponiya, Xitoy, Hongkong va Vetnam bo‘ylab 14 kunlik kruizdan keyin Yokogamaga qaytdi. Ammo 20 yanvar kuni boshlangan safar davomida 5 kun kemada bo‘lgan 80 yoshli hongkonglik qirg‘oqqa tushganidan keyin unda koronavirus infeksiyasi aniqlandi.

5 fevral kuni layner Yokogama portida karantin holatiga o‘tkazildi. O‘sha vaqtda kemada 2666 nafar yo‘lovchi va ekipajning 1045 a'zosi bor edi. Ularni koronavirusga tekshirish boshlandi. Bugungi kunda 61 kishida virus aniqlangan. Bemorlar qirg‘oqqa tushirilib, shifoxonaga olib ketildi, qolgan yo‘lovchilar va ekipaj a'zolari kemada qolmoqda.

Infeksiya tarqalishining oldini olish uchun «Daymond Prinsess»dagi yo‘lovchilar kayutalarini tark etmasligi buyurilgan. Restoran, bar, kazino, basseyn va boshqa joylar yopib qo‘yilgan.

«Daymond Prinsess» — Osiyo suvlarida karantin holatga o‘tkazilgan yagona kruiz layneri emas.

5 fevral kuni Hongkongda «Uorld Drim» layneri yo‘lovchilari va ekipaj a'zolari ham karantin holatiga o‘tkazilgandi. Kema Hongkongdan navbatdagi safarga chiqqan va uch kun o‘tib ortga qaytgandi: Tayvan hukumati uni Gaosyun portiga qaytarishga rozi bo‘lmadi, uning ichidagi uch nafar xitoylikda koronavirus aniqlandi.

Qozog‘istonda etnik ozchilik yashaydigan qishloqda «pogrom»

Jambildagi qishloqlardan biridagi ahvol
Foto: EPA/Vostock-photo

7 fevral kuni kechqurun Qozog‘iston janubida ommaviy tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi. Ichki ishlar vazirligining rasmiy ma'lumotiga ko‘ra, mamlakat janubidagi Jambil oblastining Masanchi qishlog‘ida 70dan ortiq kishi ishtirokida ommaviy mushtlashuv bo‘lib o‘tgan, bu hodisa tasvirlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, hududga qo‘shni qishloqlardan yuzlab kishilar yetib kelgan. To‘qnashuv vaqtida toshlardan, armatura va o‘qotar qurollardan foydalanilgan — natijada voqea joyida 8 kishi, shifoxonada yana ikki kishi halok bo‘lgan, 100dan ortiq kishi jarohatlangan. Etnik ozchilikni tashkil etuvchi do‘ngonlar qo‘shni Qirg‘izistonga qochishga majbur bo‘lgan. Bundan tashqari, 30ta uy, o‘nlab do‘konlar va avtomobillarga o‘t qo‘yilgan. Mojaro boshqa qishloqlarda ham davom etgan. Ko‘p vaqt o‘tmay hududga politsiyaning maxsus bo‘linmalari va Milliy gvardiya kuchlari yetib kelgan, 47 kishi qo‘lga olingan. Ushbu hodisadan keyin Masanchidan 10 km masofadagi Qirg‘iziston bilan chegarada nazorat kuchaytirilgan.

Hukumatning ma'lum qilishicha, hodisaga maishiy janjal sabab bo‘lgan. Rasmiylar ushbu hodisaning tafsilotlarini oshkor qilmadi, faqat «tergov olib borilishi» ma'lum qilindi. To‘qnashuv politsiyachilarga hujum ortidan kelib chiqqani aytilgan — 7 fevral kuni ular «nostandart raqam» taqilgan avtomobilni to‘xtatishga uringanida, haydovchi qochishga uringan, uning qarindoshlari esa politsiyachilarga toshlar uloqtirishgan.

8 fevralga o‘tar kechasi Qozog‘istonda tartibsizliklar fonida WhatsApp messenjeri ishlamay qoldi — hukumat ushbu uzilishga aloqadorligini izohlamadi, ammo Jambildagi vaziyat iziga tushgach, WhatsApp faoliyati ham tikladi. Mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tartibsizliklardan so‘ng hududda vaziyat barqarorlashganini ma'lum qildi. U mojaroning avj olishiga sababchi bo‘lgan ig‘vogarlar javobgarlikka tortilishi, «fojiaga yo‘l qo‘ygan davlat idoralari xodimlari jazolanishi»ni ta'kidlab o‘tgan. Biroq u aynan qaysi tuzilmalar xodimlari jazolanishiga aniqlik kiritmagan. 

Masanchi qishlog‘ida milliy ozchilik — do‘ngonlar istiqomat qiladi. Do‘ngonlar — XIX asr o‘rtalarida Xitoyda 1862–1877 yillardagi Do‘ngon-uyg‘ur isyoni bostirilgach, Sin sulolasi ta'qibi ostida Rossiya imperiyasi hududiga ko‘chib kelib joylashgan va fuqarolik olgan xitoyliklarning avlodi hisoblanadi. Bugungi kunda Qozog‘iston hududida 40 ming do‘ngon bor, ularning 17 ming nafari Masanchida yashaydi (qishloq aholisining 94 foizi). Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu janjal etnik nizo oqibatida ro‘y bergani aytildi, ammo hech bir ishonchli manba bu versiyani tasdiqlamadi.

Do‘ngonlar hukumatni juda sekinlik bilan reaksiya qilganlikda ayblagan. Qozog‘istondagi do‘ngonlar assotsiatsiyasi raisi Xusey Daurov Olmaotadan maxsus kuchlar «roppa-rosa bir kun kechikib yetib kelgani» (8 fevral tongida), holbuki «pogrom» haqidagi tasvirlar internetda bir kun avval paydo bo‘lgani haqida gapirdi. U agar hukumat kuchlarni ertaroq jo‘natganida qurbonlar berilmasdi, deb ishonch bildirgan.

Minglab do‘ngon qochqinlari ommaviy tartibsizliklardan keyin qo‘shni Qirg‘izistonga yo‘l oldi
Foto: EPA/Vostock-photo
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top