11:39 / 21.02.2020
10
178015
«Prezidentga meni ishdan olavering deganman» - Xorazmni uch yil boshqargan Rimajon Xudoyberganova bilan suhbat

Xorazm viloyatini uch yil davomida boshqargan Rimajon Xudoyberganova O‘zbekistonning yangi tarixidagi sanoqli ayol rahbarlardan biridir.

 U Kun.uz muxbiri bilan suhbatda o‘tmish voqealarini xotirladi.

Rimajon Matnazarovna Xudoyberganova (1988 yil) / Shaxsiy arxiv

2020 yilning 18 fevral kuni Dilfuza Uralova Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani hokimi etib tayinlandi. Shundan so‘ng O‘zbekistonda rahbar bo‘lib ishlagan ayollar, xususan, Andijon viloyati Jalaquduq tumani hokimi bo‘lgan Manzura Egamova, Xorazm viloyati Bog‘ot tumani hokimi bo‘lib ishlagan Shakarjon Xo‘janiyazova, Samarqand viloyati Samarqand tumaniga hokim bo‘lgan Rahima Hakimova esga olindi.

Ammo O‘zbekistonning yangi tarixida bundan ham kattaroq miqyosda – viloyatga rahbarlik qilgan ayol ham bor. U Rimajon Xudoyberganova bo‘lib, uch yil davomida Xorazm viloyatini boshqargan.

Rimajon Matnazarovna Xudoyberganova (2020 yil)

Ma'lumot o‘rnida, Xudoyberganova Rimajon Matnazarovna 1942 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan. 1960-1966 yillarda Toshkent tekstil institutida ta'lim olgan. Mutaxassisligi – tikuvchi. 1966 yilda Urganch tikuvchilik fabrikasiga ishga kirgan. 1972 yilda fabrika direktori qilib tayinlangan. 1980-yillardan boshlab partiya tizimida turli lavozimlarda ishlagan. 1988 yil sentabr oyida Xorazm viloyati partiya qo‘mitasi birinchi kotibi qilib saylangan. Bu hozirgi vaqtdagi viloyat hokimligiga teng lavozimdir. Qayd etish joizki, Rimajon Xudoyberganova o‘sha vaqtda viloyatni boshqarayotgan SSSRdagi yagona ayol bo‘lgan.

78 yoshli Rimajon Matnazarovna hozir nafaqada. Turmush o‘rtog‘i Karim Zaripov bilan Urganch tumanidagi uyida yashamoqda, nabiralarini tarbiyalab, keksalik gashtini surmoqda. Biz u bilan uchrashdik, o‘tmishdagi mehnat faoliyati qanday kechgani bilan qiziqdik, tarixdagi mashhur insonlar bilan bog‘liq voqealar haqida so‘radik.

Rimajon Xudoyberganova urush va mehnat faxriylari davrasida / Shaxsiy arxiv

Rimajon opa, keling tarixni sahifalaymiz. Siz Xorazm viloyati rahbarligiga qanday tayinlangandingiz?

— Xorazm viloyatiga rahbarlik qilishdan oldin turli lavozimlarda ishlaganman. Ko‘p yillar davomida Urganch tikuvchilik fabrikasiga, Xorazm viloyati tikuvchilik birlashmasiga rahbar bo‘ldim.

1983 yilda TsK KPSS qoshidagi ijtimoiy fanlar akademiyasini tugatdim. Shundan so‘ng, viloyatning sanoat, transport va aloqa bo‘limida mudir bo‘ldim. Bir necha yil davomida ideologiya qo‘mitasiga kotiblik qildim. 1987 yilda O‘zbekiston SSR Oliy Kengashiga deputat qilib saylandim.

1988 yili O‘zbekiston SSR kompartiyasining bosh kotibi Inomjon Usmonxo‘jayev Rossiyaning tikuvchilik fabrikalari bilan mashhur bo‘lgan Ivanovo viloyatiga safar qilgan. U yerda rahbarlik qilayotgan Zoya Puxovaning ishi bilan tanishib, taajjublangan. Ayol kishining katta viloyatda qilgan ishlaridan yaxshi taassurotlar bilan qaytgan. Mana shu holat mening tayinlanishimga ta'sir qilgan deb o‘ylayman. Shu yili Xorazm viloyati partiya qo‘mitasi birinchi kotibligiga nomzod izlanganida Inomjon Usmonxo‘jayev mening nomzodimni yoqlagan. Barcha hujjatlarim Moskvaga jo‘natilgan.

SSSR xalq deputatlari s'yezdida bir guruh deputatlar, jumladan Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bilan / Shaxsiy arxiv

U paytlari viloyat rahbarlari Moskvada tayinlanganmi?

— Albatta. Nomzodim Toshkentda ma'qullanib, munosib deb topilib, bu haqdagi xulosa Moskvaga yuborilgan. U yerda barcha hujjatlarim o‘rganib chiqilgan. Shundan so‘ng, meni Moskvaga, suhbatga chaqirishdi.

SSSR kompartiyasi MQ bosh kotibi Mixail Gorbachyov hujjatlarimni ko‘rib, «Bu ayolni taniyman, suhbatga chaqiringlar», deb topshiriq bergan. Chunki u bilan Toshkentda ish yuzasidan ko‘p uchrashganmiz.

Moskvadagi suhbat jarayoni qanday kechdi?

— Maxsus komissiya to‘plandi, unda Politbyuro a'zolari, olimlar, akademiklar bor ekan. Har xil savollar berildi.

KPSS MQ kotibi Yegor Ligachyov bergan savol esimda. Juda qattiqqo‘l siyosatchi bo‘lgan. «Nechta farzandingiz bor?», dedi. «Uch o‘g‘lim bor, biri Moskva viloyatida, ikkinchisi Belorussiyada harbiy xizmatda», dedim. Shunda yig‘ilganlar hayron qolishdi. «Bizda bir farzandini harbiy xizmatga zo‘rg‘a yuborishadi, siz ikki farzandingizni yubordingizmi?», deb taajjublanishdi.

Akademiyani qizil diplom bilan tugatganman, uni ko‘rishdi. Diplom ishim mavzusi bilan qiziqishdi. Rus tilini yaxshi bilishimga e'tibor qaratishdi, o‘sha paytda bu juda muhim edi. O‘zim o‘zbek tilidagi maktabni tugatganman, ammo rus tilini yaxshi bilganman. Xullas, suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tganman.

Rimajon Xudoyberganova baynalmilal jangchilar davrasida / Shaxsiy arxiv

Ayol boshingiz bilan viloyat rahbari sifatida ishlashdan qo‘rqmadingizmi?  

— Albatta qandaydir qo‘rquv, hayiqish bo‘ldi. Ish og‘ir bo‘lishini tushunganman. Korxona rahbari bo‘lish boshqa, viloyatga rahbarlik qilish boshqa. Mas'uliyat ham katta edi. Ammo o‘zimda qat'iyat bo‘lgan.

Rahbarlikka tayinlanganingizni oilangiz qanday qabul qilgan?

— Rahmatli qaynotamning duosini, erimning ruxsatini olmaguncha o‘qishga ham ketmaganman, rahbarlikni ham qabul qilmasligimni aytganman.

Rimajon Xudoyberganova paxta dalasida / Shaxsiy arxiv

Viloyat rahbari sifatidagi ish kuningiz qanday kechgan?

— Ehhe, hamma mas'uliyat viloyat rahbarida bo‘lgan. Tonggi soat 5da kirza etikni kiyib, dalaga chiqib ketardim. Sho‘r yuvish, ekish, kultivatsiya, shudgorlash, melioratsiya, xullas, paxta bilan bog‘liq ishlarni birinchi navbatda nazorat qilganman. Yonimda shu ishlarni tushunadigan mutaxassislarni olib yurganman. 4-5 soat dalada yurib, keyin ishxonaga, kabinetimga borganman. Tashkiliy ishlar bilan shug‘ullanganman. Maktablar, bog‘chalar, yaslilarni, shifoxonalarni, bolalar uyi sharoitlarini, oshxonalarini tekshirganman, nazorat qilganman. Paxta mavsumida esa umuman kabinetda o‘tirmaganman, har doim dalada bo‘lganman. Kechqurun soat 9-10larda horib, charchab, uyga qaytib kelganman. Ba'zan kun bo‘yi ovqatlanmasdan, uyga borib, tuz totgan vaqtlarimiz ham bo‘lgan.

Xalq bilan qanday muloqot qilgansiz?

— Xalqni, murojaatchilarni o‘zim qabul qilganman. Mendan oldingi rahbarlar yordamchisi, o‘rinbosariga topshirishgan bo‘lsa, men o‘zim qabul qilardim. O‘zimning alohida qabulxonam bo‘lgan. Shikoyatlarni yozib olib, joyiga borib o‘rganganman. Agar tasdiqlansa, chora ko‘rganman. 

Rimajon Xudoyberganova SSSR Bosh Kotibi Mixail Gorbachyov va boshqa siyosatchilar davrasida / Shaxsiy arxiv

SSSR Bosh Kotibi Mixail Gorbachyov haqida nima deysiz?

— U bilan ish yuzasidan ko‘p marta uchrashganman. Sodda, ochiqko‘ngil inson. Mana bunga qarang (suratni ko‘rsatadi). Hammamiz suratga tushmoqchi bo‘ldik. Bir chekkada turgandim, Gorbachyov esa «Rimajon, keling, bu yerga o‘tiring», deb chaqirdi. Hatto Oliy Sovet raisi Anatoliy Lukyanovni o‘rnidan turg‘izib, menga joy berdi (kuladi). Hammamiz birga suratga tushdik. Ammo Gorbachyovning ba'zi ishlariga qo‘shilmaganman, uni tanqid ham qilganman.

Sizning rahbarligingizda viloyatda yo‘llar, ko‘priklar, ijtimoiy soha obektlari qurildi. Ammo ulardan muhimini Amudaryo ustidagi ponton ko‘prik deyishadi...

— Ha. Amudaryo ustida eski, yog‘och ko‘prik bo‘lgan. Bir yig‘ilishda SSSR Mudofaa vaziri ko‘plab harbiy jihozlarni hisobdan chiqarish haqida gapirgan. Shunda men so‘zga chiqib, hisobdan chiqarilgan ponton ko‘priklarni bizga berishni so‘raganman. Xorazm va Qoraqalpog‘iston aholisi qon-qarindosh, daryodan kechib, bir-birining oldiga borishga qiynalayotganini aytganman. Natijada, Amudaryo ustiga ponton ko‘prik o‘rnatildi. Yangi zamonaviy ko‘prik qurilgunga qadar, shu ponton ko‘prikdan ko‘p yillar davomida foydalanildi.

YuNeSKO tashkilotining kumush medali / Shaxsiy arxiv

Sizda YuNeSKO tashkilotining kumush medali bor. Nega taqdirlangandingiz?

— Xivadagi Ichan-qal'a tarixiy majmuasida juda katta rekonstruksiya ishlarini bajarganmiz. Pahlavon Mahmud ziyoratgohini ta'mirlab, xalq uchun ochib berganmiz. Xorazm viloyatidagi madaniy tarixiy yodgorliklarni saqlash bo‘yicha qilgan mehnatlarimni YuNeSKO shu tarzda taqdirlagan.

Siz viloyat rahbari sifatida 3 yil mehnat qildingiz. Keyin boshqa ishga o‘tkazildingiz. Shu haqda ham gapirib bersangiz.

— Rahbarlikdan bo‘shatilishimga saylov masalasi asosiy sabab bo‘ldi deb o‘ylayman. Prezident saylovida Islom Karimov viloyatimizda 36,7 foiz ovoz oldi, Muhammad Solih esa 57 foiz. Islom Abdug‘aniyevichga: «Meni ishdan olavering, o‘rningizda bo‘lganimda, o‘zim ham shunday qilardim», deganman.

Buni raqobatchilarim uyushtirgan degan shubham ham bor. Bundan tashqari, ba'zi rahbarlar «biz erkakmiz, ayol kishi boshliq bo‘lsa, boshimizni qanday ko‘tarib yuramiz», deb arz qilishgani haqida ham eshitganman.

Mendan biror ayb topisholmadi. Ustimdan faloncha uyi bor, faloncha mashinasi bor degan ma'noda «yumaloq» xatlar yozishdi. Ko‘p marta tekshirishdi, hatto qarindoshlarimning uylarini ham sanab chiqishdi. Bu ayblovlar isbotini topmadi.

SSSR bosh vaziri Valentin Pavlov va O‘zbekiston SSR prezidenti Islom Karimov bilan (1991 yil) / Shaxsiy arxiv

Ishdan olish jarayoni qanday bo‘lgan?

— Katta yig‘ilish o‘tkazildi. 1 kun oldin Toshkentdan Islom Karimov boshchiligida katta delegatsiya keldi. Ishdan olinishimni delegatsiya a'zolarining xatti-harakatlaridan sezganman.

«Ish bor joyda kamchilik topiladi, qayg‘uga botmayman. 50 yoshga yaqinlashdim, nabiralarimni o‘ynatib o‘tiraman. Ishdan olavering, ikki qo‘lim mehnatga o‘rgangan. Ish bersangiz ishlayman, bermasangiz yo‘q», dedim yig‘ilishda.  

«Sizga ish beramiz», dedi Islom Abdug‘aniyevich. Zaldan esa: «Kerak emas!», degan ovoz yangradi.

«Rimajon yomon ishlamadi. Unga ish bermasak bo‘lmaydi», - deb yana bir bor ta'kidladi Islom Abdug‘aniyevich.

Shundan so‘ng, rahbarlikdan olindim, bu haqda yig‘ilish qarori qabul qilindi. Keyingi faoliyatimda ipakchilik va pillachilik sohasidagi rahbarlik lavozimlarida 15 yil ishladim. 2007 yildan beri nafaqadaman.

O‘zbekistondagi so‘nggi o‘zgarishlarni kuzatib borasizmi, ularni qanday baholaysiz?

— Albatta kuzatib boraman. TV orqali yangiliklarni ko‘raman. O‘zgarishlarni juda ijobiy baholayman. Oldingi rahbarlar hozirgi ishlarning 10dan birini ham qilolmasdi. Davlat rahbarimiz insonparvar, xalqparvar ekan. Muhtojlarning boshini silayapti, uy-joylar beryapti, uylantiryapti. Mahbuslar ozodlikka chiqmoqda, reabilitatsiya qilinmoqda. Odamlarning moddiy ahvoli yaxshilanyapti. Juda ajoyib inson. 10 yil oldin davlat rahbari bo‘lganida edi, balki shu inson bilan birga ishlarmidik (kuladi)...

Rimajon Xudoyberganova ipakchilik sohasi xodimlarini taqdirlamoqda / Shaxsiy arxiv

Rimajon Xudoyberganova yo‘qlab, xotirlab borganimizdan juda xursand bo‘ldi, ko‘ngli ko‘tarildi. Hozirda uyining bir xonasini kutubxona va mo‘'jaz muzeyga aylantirgan. Ko‘plab kitoblarni, rahbarlik lavozimidagi ko‘p yillik mehnati haqidagi, mashhur siyosat arboblari to‘g‘risidagi noyob, tarixiy fotosuratlarni to‘plagan. Ularni bajonidil o‘quvchilarimiz e'tiboriga havola qildi. 

Rimajon Xudoyberganova 2019 yil may oyida ko‘p yillik halol va samarali mehnati tufayli 1 darajali Mehnat faxriysi ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Nurmuhammad Said suhbatlashdi

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top