O‘zbekistonda keyingi yillarda davlat boshqaruvida amalga oshirilayotgan tub islohotlar zamirida davlat idoralarining xalqimiz oldidagi mas'uliyatini kuchaytirish, jamiyatni islohotlarning bosh tashabbuskoriga aylantirishdek ezgu maqsadlar mujassam.

Koronavirus pandemiyasi va boshqa sabablar natijasida dunyo iqtisodiyotida murakkab vaziyat yuzaga keldi. Inqiroz sharoitida mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, muammoli masalalarni tezroq hal etish, aholi daromadlari, xarid qobiliyati keskin tushib ketishining oldini olish kabi dolzarb masalalar turibdi.

Shu yil boshida Davlatimiz rahbari parlamentga Murojaatnomasida Oliy Majlis palatalari faoliyatini kuchaytirish, yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha zaruriy taklif hamda tashabbuslarni ilgari surdi. Umuman, oxirgi yillarda parlamentning davlat boshqaruvidagi mavqei, jamiyatdagi o‘rni ancha mustahkamlandi, ta'sir kuchi ham oshib boryapti. Barcha deputatlar hozirgi talablar darajasida katta mas'uliyat bilan faoliyat yuritishi, el-yurt ishonchini oqlashi zarur, albatta.

Prezidentimiz har hafta yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayoti bilan bog‘liq juda muhim masalalarda tanqidiy yig‘ilishlar o‘tkazib, sohalar zimmasida turgan asosiy vazifalarni aniq belgilab bermoqda.

28 may kuni iqtisodiyotda raqobat muhitini ta'minlash va iste'molchilar huquqini himoya qilish borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Davlat rahbari O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga qat'iy o‘tishi jarayonida raqobat masalasi prinsipial ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi. Aniq va achchiq savollar berildi.

“...Meni tashvishlantiradigan masala shuki, korxonalarimiz tashqi raqobatga bardosh bera oladimi? Chetdan tovar kirib kelsa, yurtimizda ishlab chiqarilgan xuddi shunday mahsulot unga raqobatchi bo‘la oladimi?.. Raqobat bo‘lmasa, sifat bo‘lmaydi, narx tushmaydi. Zamon o‘zgaryapti, lekin monopol korxonalar o‘zgara olmayapti. Qat'iy choralar ko‘rish vaqti-soati keldi. Iqtisodiyotda bu hayot-mamotimiz”, dedi Prezident.

Ma'lum qilinishicha, bugungi kunda 31 ta tovarlar guruhi va 82 turdagi xizmatlar bozorida 245 ta korxona monopol holatda saqlanib qolmoqda. Bu esa tovarlar va xizmatlarning sifati, narxi, iste'molchilarga tanlov imkoniyatini yaratish masalalarida muammolar oz emasligini anglatadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi yuqori ijtimoiy ahamiyatga ega tovar va xizmatlar narxlari hamda tariflari oshib ketmasligi uchun tizimli ishlar amalga oshirilishi kerak, deb hisoblaydi.

Har safar bunday mahsulot va xizmatlarning narxi o‘zgarishi haqida xabarlar chiqishi bilan turli fikrlar, nuqtai-nazarlar bildiriladi. Yaqindagina avtomobillar narxi oshishi haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solgan, OAV bu boradagi munozaralarni faol yoritib borgan edi. Mana, oxirgi kunlarda benzin narxi oshishi haqida gap-so‘zlar ko‘paydi.