Jamiyat | 17:16 / 22.04.2021
35311
6 daqiqa o‘qiladi

Bu virusning ikkita asosiy oqsilini bloklaydi - «Rutan» preparati va uning xususiyatlari haqida ma'lumot berildi

AOKAda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti tomonidan yaratilgan «Rutan» preparati va uning xususiyatlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda institut tomonidan yaratilgan «Rutan» preparati grippni davolash uchun bir necha yil avval yaratilgani, preparat olimlar tomonidan qayta ishlanib, O‘zbekistonda va Uhan virusologiya institutida sinovdan o‘tkazilgani, shuningdek, SARS-CoV-2 virusi bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun samarador va organizmga zararli ta'siri kam bo‘lgan dori vositasi ekani ta'kidlab o‘tildi.

Bioorganik kimyo instituti direktori akademik Shavkat Solihov virusning odam organizmiga qanday kirishi, mutatsiyalarga uchrashi, virusning asosiy zararli oqsillari va bunga qarshi qanday kurashilishi hamda shu jarayonda olim o‘zi ishlab chiqqan preparatning boshqa muqobillaridan farqi bo‘yicha tushuntirib o‘tdi.

Shavkat Solihov

«Bugungi kunda SARS-CoV-2 virusi bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun samarador, organizmga zararli ta'sir ko‘rsatmaydigan dori vositalarini yaratish o‘ta dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar fikrini kuzatib shunga amin bo‘lyapmanki, virus nima, u qanday ishlaydi, unga qanday qarshilik qilish mumkin, kabi ma'lumotlarga ega emas.

Koronaviruslarning hayot jarayoni va ko‘payishida hal qiluvchi vazifani virusning ikkita konservativ oqsillari: 3CL proteaza va polimeraza bajaradi.

Bugungi kunda COVID-19’ ni davolashda 3CL proteaza va polimerazaning ingibitorlari sifatida «Kaletra», «Ribaverin», «Remsidivir», «Favipiravir» kabi preparatlardan foydalanilmoqda. Lekin bularning hech biri COVID-19 uchun chiqarilmagan.

Bu preparatlar virus tarkibida mavjud bo‘lgan birgina nishonni ingibirlaydi, ya'ni zararsizlantiradi. Shuningdek, ularning qator nojo‘ya ta'sirlari mavjud bo‘lib, bemor bir necha oy o‘zini noxush sezadi.

Bioorganik kimyo instituti yaratgan «Rutan» preparati SARS-CoV-2 virusiga qarshi yuqoridagi dorilardan ko‘ra samaraliroq hisoblanadi, u antioksidantlik va antigipoksik xususiyatlarga ega. U SARS-COV-2 virusining 2 ta muhim fermenti: proteaza va polimerazani ingibirlaydi.

Hamyurtlarimiz, shuningdek, qanday qilib O‘zbekiston birinchi, deb taajjublanyapti. Bu rostdan ham birinchi, sababi ikkita asosiy fermentni bloklaydi. Bunaqa dorilarni butun dunyo qidiryapti, ikki-uch yilda bundan bir necha baravar kuchlilarini yaratishadi.

Virusning hujayrada ko‘payishi va tarqalishi hamda patologik va yallig‘lanish jarayonini chaqiruvchi oqsillar hosil bo‘lishini to‘xtatadi va kasallarda salbiy holat - “tsitokinin bo‘roni”ning oldini oladi. Natijada SARS-CoV-2 virusiga chalingan bemorlarning tuzalish muddati qisqaradi va bemor o‘z holatiga tez qaytadi.

SARS-COV-2 virusiga qarshi qo‘llanilayotgan preparatlar dozasini o‘rganish natijasida «Rutan»ni og‘ir va o‘rtacha og‘irlikdagi bemorlarni davolashda 0,1 -0,3 g dozani qo‘llash kerakligini aniqladik.

Virusologiya instituti tomonidan 1-sonli Zangiota maxsus shifoxonasi klinik bazasida Rutan tabletkasi, 0,1 g” № 20 preparatining SARS-COV-2 virusiga qarshi klinik sinovlarida kasallik o‘rtacha og‘irlikda kechayotgan 103 bemorda S-reaktiv oqsili miqdori kamayishi kuzatilgan.

Shuningdek, «Rutan» preparatini qabul qilgan sinov guruhi bemorlarini protokol davolanish fonida kasallikning 4-5-kuni davomida SOVID-19 virusiga olingan PsR tahlil salbiy bo‘ldi.

Klinik sinov natijalariga ko‘ra, «Rutan tabletkalari, 0,1 g» №20 o‘rtacha og‘irlikda kechayotgan o‘pka yallig‘lanishi 30 foiz bo‘lgan COVID-19 kasalligiga hamda grippning barcha shtammlariga qarshi dori vositasi sifatida qo‘llash uchun ruxsat etildi.

Umuman olganda bu yangi narsa emas, biz buni 2015 yilda grippga qarshi yaratgan edik. Tarixi esa 90-yillarga borib taqaladi», dedi akademik.

Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori Erkin Musaboyevga ko‘ra COVID-19 kasalligiga qarshi qo‘llaniladigan preparatlar, xususan «Rutan» kasallik asoratlarini kamaytirishga mo‘ljallangan.

Erkin Musaboyev

«Ko‘pchilik odamlar kasalga dori berdingmi, demak tuzaladi, deb o‘ylaydi. Afsuski, Kovidda shunaqa dorilar yo‘q. Aytib o‘tilgan preparatlar ham asoratlarni kamaytiradi xolos, lekin yo‘qota olmaydi. Shu jumladan, «Rutan» ham asoratni kamaytiradi, mutlaqo yo‘qotib yuboradigan dori emas. Yana bir quvonarlisi - toksik tomoni deyarli yo‘q», dedi Erkin Musaboyev.

Anjumanda ma'lum qilinishicha «Rutan» preparati substansiyasi FA Bioorganik kimyo instituti tomonidan ishlab chiqariladi, uning «Rutan tabletkalari, 0,025 g» №20 va «Rutan tabletkalari, 0,1g» №20 dori shakllarini «China-Uzbekistan medicine technical park» MChJ xorijiy korxonasida hamda «Radiks» MChJ tomonidan respublika ehtiyojini to‘la ta'minlaydigan miqdorda ishlab chiqariladi.

Shuningdek, «Rutan» preparatini dorixonalardan retsepsiz sotib olish mumkinligi ma'lum qilindi. «Radiks» MChJ rahbari joriy yil may oyi o‘rtalaridan boshlab dorixonalardan sotib olish mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Bioorganik kimyo instituti direktori akademik Shavkat Solihov «Rutan tabletkalari, 0,1 g» №20 bilan davolash kursining narxi 100 ming so‘m, «Rutan tabletkalari, 0,025 g» №20 esa 35-40 ming so‘m atrofida bo‘lishini ta'kidladi.

Shifokorlar va mutaxassislar uchun «Rutan» ta'sirining molekulyar mexanizmi, klinik sinovlari va immun tizimiga ta'siri haqidagi batafsil ma'lumotlar O‘zR FA Bioorganik kimyo instituti (www.biochem.uz) saytida keltirilgan.

Mavzuga oid