15:41 / 17.05.2021
9738
Oltin narxi oxirgi 4 oyda eng yuqori ko‘rsatkichda o‘sdi

17 maydan boshlab jahon bozorida oltinning bir unsiyasi 1853 dollarni tashkil etib, oxirgi 4 oydagi eng yuqori ko‘rsatkichda o‘sdi. 

Foto: Akio Kon/Bloomberg

2021 yil 17 maydan boshlab jahon bozorida oltinning bir unsiyasi 1853 dollarni tashkil etmoqda. Fevraldan boshlangan oltin narxidagi pastlashdan keyin bugungi narx oxirgi 4 oydagi eng yuqori ko‘tarilish bo‘ldi.

Agar yil boshidan boshlab narxlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, quyidagicha o‘zgarishni kuzatish mumkin:

  • 2021 yil yanvar – 1855 dollar (oltinning bir unsiyasi);
  • 2021 yil fevral – 1834 dollar;
  • 2021 yil mart – 1724 dollar;
  • 2021 yil aprel – 1775 dollar;
  • 2021 yil may – 1853 dollar.

Bugungi narx shuni ko‘rsatadiki, oltinning jahon bozoridagi narxi yil boshiga nisbatan sekin-asta tiklanmoqda. Oltin narxi bo‘yicha Goldprice prognozlariga ko‘ra, narx iyun-iyul oylarida eng yuqori darajada o‘sadi. Xususan, iyul oyida narx eng past qiymatda 1954 dollar, eng yuqori qiymatda esa 2015 dollar bo‘lishi mumkin. Yil oxiriga kelib esa narx tushishi kutilmoqda.

Bloomberg nashri ham oltin oxirgi oylardagi keskin tushishdan so‘ng, yana mavqeyini tiklaganini ta'kidladi.

«Hedge fondi menejyerlari oltinning mavqeyini uch oy ichida eng yuqori darajaga ko‘tarishdi. Narxlar mart oyida belgilangan eng past darajadan tiklandi, chunki dollarda pasayish kuzatildi. Juma kuni AQSh chakana savdosi bo‘yicha G‘aznachilik rentabelligi pasayganligi sababli, dushanba kuni oltinning o‘sishi yuqori bo‘ldi», – deb yozdi nashr.

O‘zbekiston Markaziy banki sotuvga chiqargan oltin quymalarining ham narxida o‘z navbatida o‘zgarish kuzatildi.

Masalan, 28 aprel kuni 5 grammli oltin yombisining narxi 3 million 116 ming so‘mdan sotilgan bo‘lsa, 17 mayga kelib, jahon bozorida oltin narxi oshishi bilan xuddi shu og‘irlikdagi oltin yombisi 3 million 177 ming so‘mdan sotilmoqda.

Avvalroq, O‘zbekiston xalqaro zaxiralaridagi monetar oltin hajmi qariyb 10 tonnaga oshgani ma'lum qilingandi. Aprel oyi davomida O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 1,5 milliard dollarga ko‘paydi. Bu oltin narxi tiklana boshlagani va oltin hajmi oshgani bilan izohlangandi.

Top