21-22 avgust kunlari respublika bo‘ylab 14ta hududda prezident maktablarining 5-10-sinflariga qabul imtihonlarining ikkinchi bosqichi o‘tkazildi. 2-bosqichda nomzodlar ingliz tili va mantiqiy fikrlash fanlaridan imtihon topshirishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Farg‘ona davlat universiteti stadionida o‘tgan 2-bosqich imtihonlari adolatsiz bo‘lgani haqida ma'lumotlar tarqaldi.
O‘qituvchi va bloger Isroil Tillaboyev Facebook sahifasida yozishicha, 21 avgust kuni Farg‘ona davlat universiteti stadionidagi qabul imtihonlarida 1-smenada 5-6-sinflar va 2-smenada 9-10-sinflarga bir xil - B toifadagi testlar tarqatilgan. 5-6-sinflar o‘zidan katta sinflar uchun mo‘ljallangan, 9-10-sinflar esa o‘zidan kichik sinflar uchun mo‘ljallangan testlarni yechishgan. Qoidaga ko‘ra, ingliz tili imtihonida savollar qiyinchilik darajasi 5-6-sinflarga A darajali, 7-8-sinflarga B darajali va 9-10-sinflarga C darajali testlar berilishi kerak.
Bundan tashqari, Isroil Tillaboyev xuddi shu hududda 22 avgust kuni o‘tkazilgan test sinovlarida o‘quvchilarga javoblari belgilangan savollar kitobi berilgani haqida yozgan.
“22 avgust kuni 7-8-sinflarga topshiruvchi o‘quvchilarga undan ham rasvo ishlar qilishdi: avval qoidaga ko‘ra ingliz tilidan test berish kerak edi, bular kutilmaganda rejani o‘zgartirishdi, birinchi mantiqiy, tanqidiy masalalarni berishdi, u tugagach 20 daqiqa tanaffus berilishi belgilangan edi, negadir tanaffus, bugungi issiqda 45 daqiqaga cho‘ziladi, bolalar issiqda qolib ketadi va ularga stadionga kirib kelgan Kobalt mashinasidan ingliz tilidan test berishadi. Bilasizmi, qanday test, kecha ikkinchi smenada berilgan xuddi o‘sha B toifa testlar beriladi.
Eng sharmandali holat shuki, bolalar test savolnomani ochishsa, javoblar qalamda belgilangan va o‘chirilib-o‘chirilmagan javoblarni ko‘radi”, deyiladi postda.
Imtihon o‘tkazilish tartibiga ko‘ra, Cambridge Assessment International Education 1-bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar soniga qarab ingliz tili imtihoni uchun test savollar kitobini yuborishi, imtihon boshlanishidan oldin plombalangan test savollar kitoblari ochilib, o‘quvchilarga tarqatilishi kerak edi. O‘quvchilar testni yechganidan so‘ng javoblar va savollar varaqasi birgalikda Cambridge Assessment International Education’ga yuborilishi belgilangan.
Isroil Tillaboyevning aytishicha, u test savollarini yodlatgan o‘quv markazlarining o‘quvchilari suhbatiga guvoh bo‘lgan.








