16:40 / 23.08.2021
157553
«MAKRO FARM ANDIJON»: shprits zavodidan futbol klubigacha bor muvaffaqiyatli korxona

Kun.uz mamlakatda muvaffaqiyatli biznes yuritib kelayotgan korxonalar bilan tanishtirishda davom etadi. Bugungi tanishtiruv Andijondagi 1 200 kishi ishlaydigan «MAKRO FARM ANDIJON» korxonasi haqida.

MAKRO FARM ANDIJON» 57 turdagi dori-darmon vositalari ishlab chiqaradi. Mahsulotlar ichki bozorda sotilishdan tashqari eksport ham qilinadi. Shuningdek, korxona tarkibida odamlarga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi davolash maskanlari ham mavjud. Tekstil va oziq-ovqat mahsulotlari ham ishlab chiqaradigan yirik korxona «Andijon» futbol klubi ta'sischisi ham hisoblanadi.

MAKRO FARM ANDIJON» jamiyati rahbari Jur'atbek Quvvatov korxona faoliyati va rejalashtirilayotgan yangi loyihalar bilan tanishtirdi.    

Korxonamiz tarixi 2008 yil Toshkent farmatsevtika institutini bitirib, Andijonga qaytib dorixona ochganimdan boshlangan. Sekin-sekin dorixonalar sonini ko‘paytirdik. So‘ngra ishlarimiz yurishib, o‘zimizga joylar sotib olganmiz. Shu bilan ish faoliyatimiz boshlangan.

Korxonamizni oilaviy korxona desa ham bo‘ladi. Chunki boshlanishida dadam, ukam birga boshlaganmiz. 2016 yil har bitta dorixonaga dorivor o‘simlik xomashyosini qadoqlash majburiyati qo‘yilgan. Andijonda hozirgi kunda 1 200 ta dorixona bo‘lsa, hammasiga majburiyat qo‘yilgan. O‘sha paytda, to‘g‘risi, tushunmagan ekanmiz. Shuncha o‘tni, shuncha dorivor giyohni nima qilamiz, bu nimaga kerak, deb o‘ylagan ekanmiz. Endi qarasam, avvalambor prezidentimizga rahmat, birinchi qadoqlashni o‘rgandik, qarasak, qadoqlasa dorivor giyohlar yaxshi ketyapti. Muhimi, xomashyo o‘zimizda chiqadi. O‘zbekiston iqlimi yaxshi bo‘lgani uchun dorivor giyohlarimiz juda ko‘p. Xullas, qadoqlashni o‘rgandik, uni sotishni o‘rgandik, keyin bitta-ikkitasini qo‘shib, choy qilib sotishga o‘tdik. Keyin qiziqib qolib, ulardan sirop ko‘rinishidagi dori vositalari ishlab chiqarishni boshladik. Undan keyin tabletkalar, so‘ng surtma dorilar ishlab chiqarganmiz.

Boshlanishiga 70 ta yangi ish o‘rni yaratdik. Keyin qarasak, shu sohaning ichiga kirib qolibmiz. 2017 yil Singapurga butunjahon farmatsevtika sanoati yarmarkasiga bordik. U yerga borib, to‘g‘risi, dunyoqarashimiz butunlay o‘zgarib ketdi. Yana u yerdagi asbob-uskunalar, texnologiyalarni ko‘rib, ko‘p narsalarni o‘rganib keldik.

Tadbirkorlar bilan tanishdik. Viloyat hokimligi ma'lumotlar taqdim etdi, birinchi o‘rinda import bo‘lib kelayotgan dori vositalari ro‘yxatini oldik. Qaysi dori vositalari O‘zbekistonga ko‘p import bo‘lib kelyapti, shularni o‘rgandik. Ulardan qaysi birini chiqarsak bo‘ladi, ularning ichidan tanlash imkoniyati bor edi, biz tibbiy buyumlar chiqarishni tanladik. Boshlang‘ich bosqichda ikkilik, beshlik, o‘nlik shpritslar, qolaversa, infuzion sistemalar chiqarishni boshladik.

Bilsak, bozor juda katta, Xitoydan juda ko‘p import bo‘lib kelyapti, yetkazib bo‘lmayapti. Bozori naqdligi uchun shu narsani tanlaganmiz.

2017 yilda yurtboshimizning Andijonga bo‘lgan tashriflari chog‘ida shu loyihamiz taqdimotini o‘tkazganmiz. Yurtboshimiz ma'qullab, bu loyihani tezlatish kerakligi haqida topshiriq berganlar.

Hamma korxonalarimizni hisobga olganda, 1 200 nafardan ortiq ishchimiz bor. Lekin boshlanishi kichkina-kichkina narsalardan boshlangan. Shuni aytib o‘tishimiz kerakki, Andijon viloyatida sanoat rivojlanishiga bo‘layotgan e'tibor katta. Juda yaxshi sharoitlar yaratib berishgan. Endi hisob-kitob qiladigan bo‘lsak, to‘g‘risi, ba'zida o‘zimga ham ertakka o‘xshab ketadi. Mana, 2016 yilda bitta korxonani ochdik, 2018 yilda ikkinchisini ochdik, hozirgi kunga kelib, ulardan tashqari shu sohamiz tibbiyotga bog‘liq bo‘lgani uchun, farmatsevtika bo‘lgani uchun, o‘yladik, xususiy tibbiyot muassasalari qurishimiz kerak ekan. Hozirgi kunda uchta tibbiyot muassasasini qurib bitkazib, foydalanishga topshirdik.

Hammasini, koykalar sonini hisob-kitob qiladigan bo‘lsak, 700 nafar bemorga joylarimiz bor. Kerakli jihozlarimiz, asbob-uskunalarimiz bor. Yaxshi malakali shifokorlarimiz, mutaxassislarimiz va hamshiralarimiz bor.  Qolaversa, oziq-ovqat sanoatida o‘zimizning ishlab chiqarishimizni yo‘lga qo‘yganmiz: qandolat seximiz bor, tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish seximiz bor.

O‘zbekistondagi tibbiy buyumlarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olib, har xil turdagi elastik bintlar, korsetlar kabi 23 turdagi tibbiy buyumlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Farmatsevtika sohasida ishlab chiqarayotgan hamma mahsulotlarimiz hozirgi kunda 57 xildan oshdi.

Ishlab chiqarishga kirgandan keyin baraka va foyda katta ekanligini bildik. Qolaversa, birinchi o‘rinda odamlarga foydamiz tegyapti. Qanchadir odam ishlatyapmiz, ular biz orqali oilasini boqyapti. Yangi ish o‘rinlari yaratilyapti.

Hozirgi kunga kelib, umumiy ish yo‘limizda hisob-kitob qiladigan bo‘lsak, 25 mln AQSh dollariga yaqin qurilish ishlarini amalga oshirdik. Buning orqasidan 1 200 ish o‘rni yaratildi, yangi loyihalarimiz ko‘p», deydi Jur'atbek Quvvatov.

«MAKRO FARM ANDIJON» Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston davlatlariga yiliga 2 mln dollarlik shprits eksport qilmoqda. Korxona ayni paytda ILAK degan sertifikatni olish jarayonida turibdi. Mazkur sertifikat mahsulotlarni Yevropa davlatlariga ham sotish imkoniyatini beradi.

«MAKRO FARM ANDIJON» tomonidan bunyod etilgan «Med Siti» sog‘lomlashtirish majmuasida bo‘ldik. Maskan qarovsiz holda yotgan binolar o‘rniga qurilgan bo‘lib, Andijondagi eng ko‘rkam, tibbiy xizmatlari sifatli bo‘lgan sihatgohlardan biridir. Majmuadagi xodimlarning katta qismi xorijda ta'lim olgan malakali mutaxassislardir. Davolanish bir bemor uchun kuniga 200 ming so‘m. Uch mahal ovqat, fizioterapiya muolajalari, basseyn, sauna kabi sharoitlar mavjud. Shu 200 ming so‘mning ichida.

«Majmuamizning qurilishi, jihozlanishi oliy darajada deb o‘ylayman. Bu to‘lanadigan haqqa xalqimiz og‘rinmasdan, xursand bo‘lib kelib, davolanib ketishyapti. Har kuni dolzarb mavzu – joy bormi? To‘g‘risi, telefonni ba'zida o‘chirib qo‘ygimiz keladi shu joy muammosi tufayli. Hozir endi reja qilib turibmiz. Yana bino-inshoot qurib, bemorlar uchun joylar sonini kamida 300 taga olib chiqish rejamizda bor. Qimmat bo‘lmagan narxlarda, albatta», deydi J.Quvvatov.

«MAKRO FARM ANDIJON» hozirda «Andijon» futbol klubining ta'sischisi hisoblanadi. Jur'atbek Quvvatov futbol klubining buguni va ertasi haqida shunday dedi:

«Yillar davomida o‘zimizning futbol jamoamizni tuzishni, uni birinchi ligada o‘ynatishni, keyinchalik Oliy Ligaga olib chiqishni o‘ylardik. Qolaversa, xodimlarimiz ko‘pligi uchun ular o‘rtasida muntazam chempionat o‘tkaziladi. Bu chempionatda 16 jamoa ishtirok etadi. «Andijon» klubining sobiq rahbariyati moliyaviy bankrotlik e'lon qilgach, bizga klubni qabul qilib olish taklifi bildirildi va biz rozi bo‘ldik.

O‘tgan yili avgust oyida klubni qabul qilib olganmiz. To‘g‘ri, hozirgi kunda natijalarni zo‘r deb bo‘lmaydi. Lekin o‘ziga yarasha rejalarimiz bor. Bular bir yil yoki ikki yilda o‘z mevasini ko‘rsatadigan rejalar emas. Chunki biz bunga hali tayyor bo‘lmagandik. Kerakli jamoani tuzyapmiz. Muxlislarga ham va'da berganmiz, uch yilda boshqacha «Andijon»ni ko‘ramiz. Uni ko‘rish uchun o‘ziga yarasha chig‘iriqlardan o‘tish kerak ekan. Akademiyamiz bo‘lishi kerak, infratuzilmamiz yaxshi bo‘lishi lozim. Sekin-sekin bu o‘zining natijasini beradi, degan umiddaman».

«MAKRO FARM ANDIJON» rahbari asosiy maqsadi jamiyatni gigant korxonaga aylantirish ekanini aytdi.

«Maqsadimiz xodimlarimiz sonini ko‘paytirish, «MAKRO FARM ANDIJON» oilasini yanada kengaytirish. Oilamiz kengaysa, korxonamiz barqaror bo‘lsa, xodimlar yaxshi-yaxshi oylik oladi, yaxshi oylik olsa, uyida tinchlik bo‘ladi. Shuningdek, O‘zbekistonimiz rivojlanishiga o‘zimizning qo‘limizdan kelgancha hissamizni qo‘shishni xohlaymiz», deydi Jur'atbek Quvvatov.

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid
Top