Jizzax viloyati IIB YHXB axborot xizmatining ma'lum qilishicha, joriy yil 20 sentabr kuni 00:55larda M39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Jizzax viloyati Paxtakor tumani hududidan o‘tgan 950-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Jizzax shahrida yashovchi 1972 yilda tug‘ilgan haydovchi «Kamaz-5410» yuk mashinasi bilan Jizzax-Toshkent yo‘nalishida ketayotib, yo‘lning belgilangan qismidan qayrilib olayotganda Toshkent-Termiz yo‘nalishida harakatlanayotgan «Hyundai» yuk mashinasi unga kelib urilgan.
Oqibatda, «Hyundai» yuk mashinasi haydovchisi, Qarshi shahrida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan fuqaro og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan.
Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, «Hyundai» yuk mashinasi haydovchisi charchoq alomatlari bilan rul boshqaruviga o‘tirgan. U «Kamaz-5410»ning qayrilib olayotganini sezmagan va unga borib urilgan.











