O‘zbekiston | 14:40 / 01.11.2021
4055
2 daqiqa o‘qiladi

Ikki obektda 38 ming xonadon iste'moliga teng gaz o‘g‘irlangan – Energetika vazirligi

2 obektda gazdan noqonuniy foydalanish oqibatida yetkazilgan zarar 365 mln 854 ming so‘mni tashkil qilgan.

29 sentyabr va 12 oktyabrda o‘tkazilgan tekshiruvlarda Navoiy va Jizzaxda gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Ma'lum bo‘lishicha, Navoiy viloyatida faoliyat yuritayotgan “Ergashobod barakasi” MChJga qarashli ohak ishlab chiqarish sexining tabiiy gazdan foydalanishi nazorat qilinganda gazlashtirish loyiha hujjatida ko‘rsatilmagan bitta xumdonda 49 dona nostandart (qo‘lbola) gaz yondirgichlar yordamida ohak ishlab chiqarayotgani aniqlangan.

Bunda 98,784 ming metr kub gazdan noqonuniy foydalanilgan va yetkazilgan zarar miqdori 98,784 mln so‘mni tashkil etgan. Ushbu hajmdagi tabiiy gaz 9 800 ta xonadonning bir kunlik iste'molini tashkil qiladi.

Gazdan noqonuniy foydalanish holati Jizzax shahri, “Sanoat A” hududida faoliyat yuritayotgan “Zomin Ideal Stone” MChJga qarashli ohak ishlab chiqarish sexida ham aniqlangan.

“Ushbu iste'molchi 2021 yil 16 sentyabrda tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzganligi uchun dalolatnoma tuzilib gaz tarmog‘idan uzilgan. Ammo shunga qaramay, tadbirkor gaz tarmog‘iga noqonuniy ravishda qayta ulanib, 2 ta aylanma ohak pechi yordamida ohak ishlab chiqarayotganligi ma'lum bo‘ldi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Dastlabki hisoblangan qo‘shimcha gaz hajmi 267,070 ming kub metrni va yetkazilgan zarar miqdori 267,070 mln so‘mni tashkil etgan.

Bu 26 mingta xonadonning bir kunlik iste'molini tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 22 kun ichida 400 mingdan ortiq xonadon iste'moliga teng gaz, shuningdek o‘tgan 9 oyda 78 000 000 000 (78 mlrd) so‘mlik tabiiy gaz o‘g‘irlangani ma'lum qilingandi.

Мадина Очилова
Tayyorlagan Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid