17:11 / 11.11.2021
15867

Koreyaga Ye-9 ishchi vizasi orqali migrantlarni yuborish tiklanishi kutilmoqda

Janubiy Koreya respublikasi 2021 yil noyabr oyi oxiridan boshlab xorijiy mehnat muhojirlarini Ye-9 ishchi vizasi orqali qabul qilishni tiklashni rejalashtirmoqda. Shunga binoan, O‘zbekiston fuqarolari ham belgilangan jarayonlardan o‘tgan holda ishlash uchun Koreyaga ketishlari mumkin. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Matbuot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda shu haqda ma'lum qildi.

Foto: AOKA

COVID-19 pandemiyasi bois joriy etilgan qator cheklovlar sababli 2020 yili ishchi kuchi jo‘natuvchi barcha davlatlar, shu jumladan O‘zbekiston fuqarolarini Koreya Respublikasiga ishga jo‘natish jarayoni vaqtincha to‘xtatilgan edi.

Endilikda, Koreya Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi bergan bayonotga ko‘ra, 2021 yilning noyabr oyi oxiridan boshlab ishchi kuchi jo‘natuvchi barcha davlatlar, shuningdek, O‘zbekistondan Ye-9 ishchi vizasi bilan mehnat migrantlarini qabul qilish jarayoni tiklanishi rejalashtirilgan.

Ortiqxo‘ja Norov Koreya respublikasiga Ye-9 vizasi bilan birinchi galda kimlar keta oladi, degan savolga ham oydinlik kiritgan va qator shartlarini sanagan.

“Koreya respublikasiga ishchi vizasi bilan ketish uchun imtihon jarayonlarining barcha bosqichlaridan o‘tgan, ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasi yuborilgan va Koreya Respublikasiga ishlash uchun ketishini kutib turgan fuqarolardan:

1. Koreya Respublikasida tan olingan Astrazeneca, Moderna, Pfizer vaksinalardan biri bilan Koreya Respublikasiga kirib borishdan kamida 14 kun oldin to‘liq emlangan bo‘lishi va tegishli sertifikatni taqdim etishi;

2. Koreya Respublikasiga kirib borishidan bir hafta oldin va uchish vaqtidan oldin 72 soat ichida Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi tomonidan tan olingan, ya'ni Korea No 1 Laboratory, SWISS LAB, De Factum Laboratories, INTERMED Innovation laboratoriyalaridan birida PsR test topshirgan va test natijasi manfiy bo‘lishi talab etiladi”, - degan Ortiqxo‘ja Norov.

Shu bilan birga, Koreya respublikasiga kirib borgan mehnat migrantlari, 14 kun emas, balki 10 kunlik karantin davrini o‘tashi ham lozim bo‘ladi.

Ma'lum qilinishicha, Koreya Respublikasida ishlab, shartnoma bilan qaytgan 50 nafar o‘zbekistonlik joriy yil 25 noyabr kuni jo‘nab ketishi rejalashtirilgan.

Top