Iqtisodiyot | 15:31 / 17.12.2021
35331
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi 50 ming so‘mlik dizaynida xatolik aniqlandi. MB xato tuzatilishini ma’lum qildi

Yangi qog‘oz pulda aks etgan yodgorlik majmuasi aslida Hakim Termiziy maqbarasi surati bo‘lib, banknotdagi matnda Abu Iso Termiziy maqbarasi deb yozilgan.

Markaziy bank yangi 50 ming so‘mlik banknota dizaynida chalkashlikka yo‘l qo‘yilgani to‘g‘risida Azon.uz tomonidan aniqlangan xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Foto: Azon.uz

«Milliy valutamiz dizayniga befarq bo‘lmagan fuqarolarimiz tomonidan 50 000 so‘mlik banknot namunasining old tomonida «Al-Hakim at-Termiziy» maqbarasi tasviri tushirilgani, ammo maqbara nomi «Abu Iso at-Termiziy» deb yozilgani bildirildi.

Mutaxassislar bilan qayta o‘rganish natijasida haqiqatan ham namunadagi tasvir va uning nomlanishida texnik xatolik mavjudligi ma’lum bo‘ldi.

Shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki yangi dizayndagi 50 ming so‘mlik banknotlar muomalaga chiqarilishidan oldin uning namunasida aniqlangan texnik xatolik bartaraf etilishini hamda maqbaraning nomi to‘g‘ri qayd etilishini ma’lum qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki banknotlar dizaynlariga befarq bo‘lmagan barchaga o‘z minnatdorchiligini bildiradi», deyiladi Markaziy bankning Kun.uz’ga bergan izohida.

Foto: Markaziy bank

Avvalroq Markaziy bank yangi dizayndagi 50 000 va 100 000 so‘mlik banknotlar muomalaga chiqarilishi hamda ularning ko‘rinishi to‘g‘risida axborot bergan edi. Yangi ko‘rinishdagi banknotlar 22 dekabrdan muomalaga chiqariladi.

Mavzuga oid