12:34 / 04.01.2022
65716

O‘zbekistondagi yagona va ajralmas siam egizaklari

Fotima va Zuhra Holiyeva 2012 yilda dunyoga kelgan. Hozirda 9 yoshda bo‘lgan egizaklar 2017 yil Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Nogironligi bo‘lgan shaxslar muruvvat bolalar uyiga olib kelingan. Shundan buyon ular mana shu maskanda yashab, ta’lim-tarbiya olmoqda.

O‘zgalardan ajralib turadigan egizaklar yashash tarzi boshqa bolalardan farqli. Ular ikki xil fikrlashga ega. Fotima chaqqonroq bo‘lsa, Zuhrada nutq qobiliyati ko‘proq rivojlangan.

Tarbiyachilarning ta’kidlashicha, Fotima mashg‘ulotlarda shoshqaloqroq, Zuhra mana shunday paytda qiyinchiliklarga duch keladi va tanasida birga yashayotgan egizagiga sekinroq harakat qilishini aytadi.

Mutaxassislar tomonidan mazkur egizaklarni operatsiya qilish va ajratish masalasi bir necha marotaba o‘rganilgan. Biroq Fotima va Zuhraning ayrim a’zolari bitta ekanligi sabab operatsiya qilish mumkin emas.

Egizaklar hayot tarzida juda ko‘plab qiyinchiliklarga dosh berishga majbur. Biri ovqatlanganda ikkinchisi kutib turishi, uxlayotganda esa biri uyg‘onib ketsa, ikkinchisining ham uyqusi buzilishi mumkin.

Shuningdek, yotganda birining ustiga ikkinchisi chiqib qolishi oqibatida yurakda ortiqcha bosim yuzaga kelishi mumkin.

Ikki tana birlashib yashayotgan egizaklarning shaxmat o‘ynayotgani, raqsga tushayotgani, umuman, yashash uchun kurashayotgani tahsinga sazovor. O‘ylaymizki, Fotima va Zuhra Holiyevalar mana shu qiyinchilikni bardosh bilan yengib, uzoq umr ko‘rishadi.

Abduvali Qurbonov

Tasvirchi va montaj ustasi Azizbek Ismoilov.

Top