Ta’kidlanishicha, 28 may kunning birinchi yarmiga qadar komissiyaga jami 967 ta taklif kelib tushgan.
«24 may kuni qisqa muddatda «Jamiyat – islohotlar tashabbuskori» bosh g‘oyasi asosida faoliyat ko‘rsatuvchi maxsus axborot platformasi ish boshlashi, unga qadar [email protected] yoki [email protected] elektron pochtalari orqali takliflar yuborish mumkinligini e’lon qilgan edik.
26 may kunidan boshlab esa, elektron pochtadan tashqari, “www.meningkonstitutsiyam.uz” onlayn platformasi, Telegram maxsus boti, 1341 qisqa raqamli “Koll-markaz” singari vositalar ishga tushirildi.
Bundan tashqari, fuqarolar takliflarini o‘z hududlaridagi mahallalar va Xalq deputatlari mahalliy Kengashiga og‘zaki yoki yozma shaklda bildirishi uchun sharoit yaratildi.
Takliflar bilan ishlash guruhiga 28 may 10:00 holatiga ko‘ra 967 ta takliflar kelib tushgan.
Takliflarning demografik tahlili shuni ko‘rsatdiki, 641 ta takliflarning tashabbuskorlari erkaklar, 263 tasi ayollar tomonidan yuborilgan», dedi Odil Tojiyev.
Komissiya matbuot xizmati rahbari shuningdek, yuborilayotgan takliflarning hududlar kesimidagi tahlillarini ham keltirib o‘tdi.
«Hozirga qadar Konstitutsiyaviy komissiyaga takliflarni yo‘llash borasida Toshkent shahri, Namangan, Farg‘ona, Samarqand va Xorazm viloyatlaridagi fuqarolarimiz boshqa hududlarga nisbatan faol bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin.
Takliflarning sohalar kesimidagi tahlili shuni ko‘rsatdiki, xalqimizga sifatli va malakali tibbiy xizmatni tashkil etish, ta’limni rivojlantirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, ekologiyaga ustuvor ahamiyat qaratish, xususiy mulk himoyasini muhofaza qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish kabi masalalarda konstitutsiyaviy kafolatlarni kuchaytirishga oid takliflar kelib tushgan.
Xalqimiz, keng jamoatchilik amaldagi Konstitutsiyaning barcha, 6 ta bo‘limiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish bilan bog‘liq takliflarni bergan bo‘lib, ularning aksariyati Bosh qomusimizning ikkinchi, uchinchi va beshinchi bo‘limlariga tegishli bo‘ldi.

















