11:12 / 05.10.2022
9897

O‘rta Chirchiqdagi yo‘l mavhum ta’mirlash bahonasida yopildi. Bu odamlarni sarson qilmoqda

Temiryo‘l va avtomobil yo‘li kesishmalari bir vaqtda ta’mirlashga tushsa albatta ishlar o‘lda-jo‘lda bo‘la boshlaydi. Ko‘rpani avtoyo‘lchilar u yoqqa torsa, temiryo‘lchilar bu yoqqa tortadi shekilli, birgina Toshkent viloyatining o‘zida ikkita shunday kesishma xarob holda yotibdi. “Strategiyasi yo‘q” mas’ullar sabab har ikkala nuqtada ham kuniga o‘n minglab insonlar aziyat chekmoqdalar.

Toshkent viloyati aholisi anchadan beri yo‘l muammolaridan qiynalib keladi. Ammo hech qaysi mas’ul qimirlay demaydi. “Strategiyasi yo‘q”ligi sabab prezidentdan dakki eshitgan viloyat hokimi Zoir Mirzayev bugun biz e’tibor qaratadigan har ikkala muammodan yaxshi xabardor.

Bekobod shahar va tumani, Bo‘ka, Piskent, O‘rta Chirchiq, Oqqo‘rg‘on tumanlari, qolaversa, qo‘shni viloyatlar hamda Tojikistonni Toshkent shahri bilan bog‘lovchi “Qorasuv-Bo‘ka-Bekobod” avtomobil yo‘li yopib qo‘yilgan. Yo‘lning O‘rta Chirchiq tumanidan o‘tuvchi qismidagi (temiryo‘l ustidan o‘tgan) ko‘prik avariya holatida ekani sababli u yer ta’mirlashga yopilgan.

Mahalliy aholining ta’kidlashicha, bu yo‘l yopilganiga ancha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hanuz hech qanday ta’mirlash ishlari boshlanmagan.

Nafaqat o‘zbekistonlik, balki tojikistonlik haydovchilar ham aholi punkti orqali aylanib o‘tib, 15-20 km ko‘proq masofani bosib o‘tishga majbur bo‘lishmoqda.

“Biz tezroq manzilimizga yetib borishimiz kerak, lekin yo‘l yopilgan. navigator ham boshqa yo‘lni ko‘rsatmayapti, endi ketolmayapmiz. Aniq yo‘lni topishga esa juda ko‘p vaqtimiz ketyapti. Hammaning o‘tishi uchun tezroq shu yo‘lni ochishsa, yaxshi bo‘lardi”, — deydi shu yo‘ldan qatnovchi tojikistonliklardan biri.

Bundan tashqari, xuddi shu holat Zangiota tumani Nazarbek shaharchasi aholisini ham qiynaydi. Toshkent shahrini shu hudud bilan bog‘lovchi ko‘prik qurilishi hanuz chalaligicha yotibdi. OAV yoritishga borganida g‘imirlab qoladigan quruvchilar bu ko‘prikni 3 yildan beri foydalanishga topshirgani yo‘q.

Muammodan shaxsan viloyat hokimi Zoir Mirzayevning o‘zi xabardor bo‘laturib, uning yechimi ustida bosh qotirmayapti. Bu viloyat hokimining o‘z fuqarolari taqdiriga befarq ekaniga ishora emasmi?

22 sentabr kuni Nurafshon shahrida o‘tgan sessiyada, hatto Shavkat Mirziyoyev strategiyasi yo‘qligi uchun Zoir Mirzayevga tanbeh berganini aytgandi.

Xalqni qiynayotgan bu yo‘l muammolarini tez fursatlarda bartaraf etish viloyat hokimining strategiyasida bor yoki yo‘qligi bizga noma’lum.

Shunisi aniqki, bu mantiqsizlik va mavhumlik ortidan minglab, balki yuzminglab insonlar qaysidir ma’noda aziyat chekmoqdalar.

Top