O‘zbekiston | 17:04 / 12.01.2023
4521
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazm va Qoraqalpog‘istonda ham darslar 16 yanvardan boshlanadigan bo‘ldi

11 yanvar kuni Xorazmda, 12 yanvar kuni Qoraqalpog‘istonda maktablar ochildi. 12 yanvar kuni hudud rahbarlari qarorni qayta ko‘rib chiqdi va o‘quv jarayoni boshlanishini 16 yanvarga qoldirdi.

Xorazm viloyati hokimligi ham o‘qish jarayonlarini bekor qilib, ta’tilni yana uzaytirish haqida qaror qabul qildi. 

«Viloyat hududida kuzatilayotgan anomal sovuq hamda ota-onalarning murojaatlarini e’tiborga olib, Xorazm viloyatining umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 2023 yilning 13-14 yanvar kunlari qo‘shimcha ta’til berilishini ma’lum qilamiz.

Maktablarda dars mashg‘ulotlari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati 2023 yil 16 yanvardan boshlanadi», deyiladi viloyat hokimligi xabarida.

Avvalroq viloyat xalq ta’limi boshqarmasi 11 yanvar sanasidan barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qish jarayoni boshlanishini e’lon qilgandi. Boshqarma bu qarorni havo harorati keskin tushib ketmasligi bilan izohlagandi.

Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi ham barcha oliy ta’lim muassasalari va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ta’til vaqtini 16 yanvargacha uzaytirdi.

Qoraqalpog‘istonda darslar 12 yanvardan boshlanishi ko‘zda tutilgandi.

Bundan oldinroq Buxoro viloyatida ham maktablarda qishki ta’til 16 yanvarga qadar uzaytirilgani ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid