
RSF’ning tvitter sahifasida xabar qilinishicha, evakuatsiya uchun olti samolyotdan foydalanilgan. Guruhning qo‘shimcha qilishicha, qutqaruv amaliyotini muvofiqlashtirish va evakuatsiya qilinayotganlarning xavfsizligini ta’minlash uchun AQSh bilan hamkorlik qilingan.
Xartumdan qancha odam olib chiqilgani ma’lum emas. AQSh hozircha bu borada izoh bermadi.
Bu o‘tgan haftada Sudan poytaxti Xartum shahridagi vaziyat keskinlashganidan buyon chet el mamlakatlari fuqarolarining evakuatsiya qilinishi bilan bog‘liq ikkinchi holat.
Shanba kuni 150 kishi, diplomatlar va xalqaro tashkilotlar xodimlari dengiz orqali Saudiyaning Jidda portiga evakuatsiya qilingandi. Bular asosan Fors ko‘rfazi mamlakatlari, shuningdek, Misr, Pokiston va Kanada fuqarolari edi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak shanba kuni ertalab Cobra qo‘mitasining Sudandagi vaziyatga bag‘ishlangan yig‘ilishini o‘tkazdi.
Britaniya hukumati Xartumdagi fuqarolari va diplomatlariga yordam berish uchun bor imkoniyatlar ishga solinishini ma’lum qilgan.
Bayonotda aytilishicha, mudofaa vazirligi TIV bilan qator chora-tadbirlarni tayyorlash ustida ish olib bormoqda, ammo bu evakuatsiyani ham o‘z ichiga olishiga aniqlik kiritilmagan.
Sudandan chet el fuqarolarini evakuatsiya qilish bo‘yicha avvalgi rejalar xavfsizlik nuqtayi nazaridan amalga oshmay qolgandi.
Sudandagi Xartum xalqaro aeroporti janglar tufayli yopib qo‘yilgan, shu tufayli xorijiy davlatlar elchixonalari, jumladan AQSh va Buyuk Britaniya ham o‘z fuqarolarini uyiga qaytara olmayotgandi.
Xartumdagi janglar va evakuatsiya
Shanba kuni Sudan armiyasi bosh qo‘mondoni Abdulfattoh al-Burxon «yaqin soatlar ichida» evakuatsiya ta’minlanishi to‘g‘risida ma’lum qildi.
Sudan armiyasi bayonotida Britaniya, Amerika, Fransiya va Xitoy fuqarolari hamda diplomatlari Xartumdan harbiy-transport samolyotlari orqali evakuatsiya qilinishi aytilgan. Ammo Xartum markazida davom etayotgan shiddatli janglar sharoitida evakuatsiya qanday kechishini tasavvur qilish qiyin.

















