17:27 / 05.05.2023
57451

Prezident topshirig‘ini teskari tushungan avtosanoat: Avtomobilga navbatga turish imkoniyati yo‘q qilindi

Shu kunlarda UzAuto Motors'dan faqatgina 400 million so‘mdan qimmat turuvchi «Malibu» avtomobili uchungina shartnoma olish mumkin. Katta as’asa-dabdaba bilan ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan «Tracker-2» va «Onix» avtomobillari uchun ham shartnoma berish to‘xtatildi.

Foto: UzAuto Motors

Ommabop «Spark», «Damas», «Nexia-3», «Cobalt», «Gentra» kabi avtomobillar otliqqa ham yo‘q bo‘lib qolganiga yarim yil, bir yil bo‘lyapti.

Prezident «O‘zavtosanoat» oldiga 2022 yilning 1 mayiga qadar avtosalonlardagi navbatlarni tugatish vazifasini qo‘ygan edi. Oradan bir yil o‘tib, avtosanoatimizdagi korchalonlar prezident topshirig‘ini «to‘g‘ridan to‘g‘ri» tushungani ma’lum bo‘lyapti.

Prezident, albatta, ishlab chiqarish hajmini oshirib, to‘lov qilingan avtolarni egalariga o‘z vaqtida yetkazib berish bilan navbatlarni bartaraf etish talabini qo‘ygani aniq.

Lekin bugunga kelib avtosanoatchilar shunchaki navbatni yo‘q qilib yuborishdi. Endi hech kim to‘lov qilolmaydi va yangi mashina sotib ololmaydi (import qilingan eng qimmat modellarni aytmaganda, albatta).

Bir yil avval prezident topshirig‘ini Shavkat Umrzoqov o‘z qulog‘i bilan eshitib, qo‘lidagi bloknotga yozib olgandi. Bugun u – Toshkent shahar hokimi. Yangi rahbar «prezident menga aytmagan, demak, bu topshiriq meniki emas», deb fikrlaydi chog‘i...

Gapning qisqasini aytganda, hozirgi paydo bo‘lgan vaziyat «rastamojka»ni lang ochib yuborishni taqozo etmoqda.

Xorijdan yangi avtomobillar va elektromobillarni faqat QQS to‘lovini to‘lab, mamlakat ichiga olib kirishni joriy etish vaqti yetib keldi. Bundan eng avvalo davlat g‘aznasi katta foyda ko‘radi.

27 yildirki katta umid bildirganimiz, bor inon-ixtiyorimizni topshirib qo‘ygan milliy avtosanoatimiz xalqning ustidan ochiqchasiga kulish darajasiga chiqib oldi.

Ular mashinalarni o‘z vaqtida ishlab chiqarib, o‘z vaqtida yetkazib berish o‘rniga, xorijdan mashina keltirib sotib, chayqovchilik qilishga ham o‘tib olishdi, mana.

Prezident 2021 yildayoq tadbirkorlar bilan uchrashuvda bu vaziyatga o‘z bahosini berib bo‘lgan edi:

«[Asakadagi zavod] Biror marta mahsulotini foyda bilan ishlab chiqarmagan. Agar hozirgidek raqobat bo‘lib, zavodni keng okeanga qo‘yib yuborganimizda mashina soni ko‘payar, ham arzon, ham raqobatbardosh bo‘lardi», – degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident avtozavod o‘ziga berilgan soliq va boshqa imtiyozlarga qaramasdan, hech qachon xalq manfaati uchun xizmat qilmaganini ham ta’kidlagandi.

«Eksportga yuborgan mashinamizni ichki bozorga nisbatan 30−40 foiz arzonroq qilib sotar edik. Chegaradan o‘tkazib qo‘yar edik-da, eksport qilyapmiz, der edik. U eksport emas, balo edi», – degandi davlat rahbari.

Prezident kelgusida raqobat muhiti shakllanishi natijasida zavod ham ish faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri kelishini qayd etgandi:

«Andijon mashina zavodi 3−4 yildan keyin bizga kerak ham emas. Nimaga desangiz, mana Toshkent viloyatida, Namanganda ochilyapti, Jizzaxda hech kim tasavvur qilmagan 2−3 ta zavod ochyapmiz».

Biz Andijondagi va boshqa avtozavodlarimiz yopib yuborilsin degan talabni ilgari surmaymiz. Shunchaki, ular raqobatga ro‘para qilinishi kerak. Agar raqobat tufayli o‘z-o‘zidan yopiladigan darajada bo‘lsa, beshbattar bo‘lsin! YIGIRMA YeTTI YIL ichida raqobatdan qo‘rqmaydigan ishlab chiqarish tashkil qilinmabdimi, hayf shuncha ishonch, shuncha imtiyoz.

Ichki yonuv dvigatelli avtomobillarni faqat QQS to‘lab olib kirishni joriy etishda, aynan haydalmagan yap-yangi avtomobillarga urg‘u berish kerak. O‘zbekiston Dubay avtobozorining chiqindixonasiga aylanib ketishini istamaymiz, albatta.

Shunda mamlakatimizda Toyota, Skoda, Nissan, Mazda kabi eng yirik avtomobil brendlari o‘z salonlarini ochar edi. Bunga sharoit yaratish kerak. Odamlarda esa uzoq kutmasdan hamyonbop, arzon va sifatli avtomobillar xarid qilish imkoniyati paydo bo‘lar edi.

Hozirgi monopoliya sharoitida milliy avto ishlab chiqaruvchimiz «bilgan shakari»ni yeyapti. Bundan iste’molchilar jabr chekishmoqda. Yuqoridagi choralar amalga oshirilsa, UzAuto Motors raqobat nima ekanini o‘z tanasida bir his qilib ko‘rsa, keyin son, sifat va tezkorlik borasida bosh qotira boshlardi.

Xalq shuncha sabr qilib, charchadi. Endi erkatoy avtosanoatchilar bosh qashlab ishlashi uchun choralarni qo‘llash kerak.

Shuhrat Shokirjonov,
jurnalist 

Mavzuga oid
Top