Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bu safar Davlat bayrog‘i, gerbi va madhiyasi kunida jamoatchilikka ko‘rinish bermadi.
Prezident saytida Lukashenko nomidan tabrik e’lon qilingan, ammo shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda prezident tabrigi bosh vazir Roman Golovchenko tomonidan o‘qib eshittirilgan.
«Spektr» nashri qayd etishicha, so‘nggi ikki yilda Lukashenko bu kabi bayramlarda shaxsan ishtirok etgandi. Avvallari bu bayram «Davlat gerbi va Davlat bayrog‘i kuni» deb atalgan, ammo 12 aprelda nomga madhiya so‘zi ham qo‘shilgan.
Belarus prezidenti so‘nggi marta 9 may kuni Moskvadagi G‘alaba paradida jamoatchilikka ko‘rinish bergandi.
O‘shanda jurnalistlar Aleksandr Lukashenko o‘zini g‘alati tutayotganiga e’tibor qaratishgandi. U horg‘in ko‘ringan, Qizil maydon bo‘ylab 300 metr masofani bosib o‘ta olmagan, elektrokardan foydalanishiga to‘g‘ri kelgandi.
Shuningdek, uning qo‘li bintlanganini payqashgandi - bunday bog‘ich odatda tomizgichdan keyin qo‘yiladi. Bundan tashqari, Lukashenko Putin va Moskvaga tashrif buyurgan davlat rahbarlari bilan birga tushlikka ham qolmagandi.
U Minskka uchib ketgan, ammo an’anaga zid o‘laroq 9 may sharafiga uyushtirilgan tantanalarda qatnashmagandi. Lukashenkoning o‘rniga, uning topshirig‘iga ko‘ra, bayram tabrigi mudofaa vaziri Viktor Xrenin tomonidan o‘qib eshittirilgandi.
- Bu xabar e’lon qilinganidan biroz vaqt o‘tganida Lukashenkoning matbuot xizmati uning harbiy libosdagi suratini e’lon qildi.

RF Davlat dumasi MDH ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Konstantin Zatulin «Pod’yom» nashriga Lukashenko betobligini tasdiqlagan, ammo aynan qanday kasallikka chalinganiga aniqlik kiritmagan.
«Bu yerda g‘ayritabiiy narsa yo‘q, bu kovid emas. Odam shunchaki kasal bo‘lib qolgan. Betobligiga qaramay, bu odam, Moksvaga kelishni o‘z burchi deb bilgan, keyin o‘sha kuni kechqurun Minskda tadbirlar o‘tkazgan. Turgan gapki, biroz dam olishi kerak - bori shu», degan Zatulin.















