Qiz bola o‘zining qadrdon oilasidan, jonajon ota-onasi, tug‘ishganlaridan ayrilib, butunlay boshqa muhit, o‘zga insonlar orasiga tushadi va yashay boshlaydi. Zimmasiga qo‘yilgan har xil majburiyatlar, shartlar, talablar avvaliga uni ozroq dovdiratadi. Yangi kelin biroz muddat tushkunlikka tushadi. Ana shunday vaziyatda unga yaxshi qaynona yordamga kelishi, uni avvalo ayol, sobiq kelin, mehribon ona sifatida qo‘llab-quvvatlashi lozim.
Qaynonalarga ham oson emas. Ko‘plab qaynonalar butunlay o‘zga muhitda o‘sib tarbiya olgan kelinga qanday muomala qilishni bilmay qoladi. Chunki kelinchakning fe’l-atvori, odatlari unga noma’lum.
Aynan shunday holatda qaynona qanday bo‘lishi kerag-u, kelin o‘zini qanday tutishi lozimligini mashhur turk yozuvchisi Ahmad Lutfiy Qozonchi o‘zining “Qaynona” asari qahramonlari Munavvarxonim va Amina timsolida tasvirlagan.
Syujyet:
Munavvarxonim ismli beva ayol Mustafo ismli o‘g‘lini uylantirmoqchi bo‘ladi va kelin izlay boshlaydi. Unga Amina ismli aqlli-hushli, yaxshi xonadon qizi Aminani tavsiya qilishadi. Har ikki tomonning surishtiruvi natijasida Mustafo va Amina unashtiriladi.
Aminani qo‘rquv bosadi. Birinchidan, oilasini tashlab ketishdan iztirobga tushsa, ikkinchi tarafdan, miyasiga atrofdagilar tomonidan o‘rnatilgan “qaynona zolim, qaynona johil, qaynona zulmkor” kabi fikrlar tinch qo‘ymasdi. Qo‘ni-qo‘shni bo‘lmish kelinlar qaynonadan ko‘rgan dard-alamlarini aytaverib qiz bechorani qo‘rqitib qo‘yishgandi.
Bu orada har ikki xonadonning orasiga sovuqchilik solib, bir-biridan aynitmoqchi bo‘lgan ko‘rolmas fitnachilar ham chiqib qoladi. Ammo oqil insonlar hisoblanmish Munavvarxonim va Aminaning otasi Mahmud og‘a ham bunday qutqularga uchmaydi.
Munavvarxonim Aminalarnikiga mehmonga kelganda negadir Aminaning barcha qo‘rquvlari butkul tarqab ketadi. Birinchi marta ko‘rayotgan bo‘lishiga qaramay, o‘zini Munavvarxonimning qizidek his qila boshlaydi. Bunga sabab Munavvarxonimning yuzidagi nur, iliqlik, tabiatidagi halimlik edi.
Chindan ham Munavvarxonimda dunyodagi jamiki yaxshi fazilatlar, xulq-atvorlar jamlanib, siyratidagi pok nur yuziga balqib chiqqandi. Esini tanibdiki, nafsi bilan kurashib, o‘zini davomiy tarbiyalab kelgan Munavvarxonimni barcha baravariga hurmat qilardi. Shunday ayolning o‘g‘li Mustafo ham, albatta, tengqurlariga nisbatan ancha aqlli, tarbiyali, solih farzand bo‘lib yetishgandi.

















