Aynan ushbu turdagi samolyot yo‘q qilingani haqidagi ma’lumot rasman tasdiqlanmagan. Bu haqda rossiyalik jurnalistlar va urush tarafdori bo‘lgan blogerlar xabar bergan. Conflict Intelligence Team tadqiqot guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, 23 iyun kuni Luhansk yaqinida yana bir Mi-8MTPR vertolyoti urib tushirilgan bo‘lishi mumkin, biroq ochiq manbalarda bu voqea haqida tafsilotlar yo‘q. Ekipaj a’zolarining qanchasi halok bo‘lgani ham noma’lum.

24 iyun kuni telegram-kanallarda samolyot qulashi vaqtida olingan video va halokat joyidan olingan kadrlar paydo bo‘ldi.

Agar yerdagi qoldiqlar haqiqatan ham 24 iyun kuni urib tushirilgan samolyotga tegishli bo‘lsa, unda kadrlardan birida havodayoq samolyotdan ajralgan quyruq qismining nisbatan buzilmagan bo‘lagi ko‘rinadi. Undagi raqam — 75917 — seriya raqami 2964010105 bo‘lgan Il-22M samolyotiga tegishli. Uni turli onlayn xizmatlarda Il-18M-11 yoki Il-22M-11 deb ham atashadi.

Turli aviatsiya saytlaridagi fotosuratlarga ko‘ra, ushbu samolyot ilgari Ivanovo shahri yaqinidagi Ivanovo-Shimoliy harbiy aerodromida, shuningdek, Tverdagi Migalovo aerodromida qayd etilgan. Samolyot aynan qaysi aviatsiya bo‘linmasiga tegishli ekani noma’lum.

Ivanovo aerodromida 2457-uzoq masofali radiolokatsiya aniqlovchi samolyotlardan jangovar foydalanish bazasi joylashgan. Il-22M aynan shu qismga tegishli bo‘lishi mumkin, chunki bu yerda bunday samolyotning elektron apparatlariga xizmat ko‘rsatish osonroq bo‘ladi. Migalovo aerodromida esa harbiy-transport aviatsiyasi joylashgan.

Havo qo‘mondonlik punkti

Il-22M isyon natijasida yo‘qotilgan texnikalarning eng qimmati edi. Ushbu samolyotning nomini ifodalashda ba’zan HHBM qisqartmasidan foydalaniladi — «himoyalangan havo boshqarish markazi».

Ushbu nomdagi «himoyalangan» so‘zi jismoniy himoyaga emas, balki radioelektron kurash vositalari ta’siriga chidamli aloqa kanallariga ishora qiladi.

Samolyot jangovar harakatlar paytida qo‘shinlarni boshqarish mumkin bo‘lgan havo qo‘mondonlik punktini o‘zi bilan olib yuradi. Bu punkt havoda bo‘lgani uchun uni operativ-taktik raketalar bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi.

Samolyotning ikkinchi afzalligi shundaki, yuqoridan yerdagi jangovar qismlar bilan aloqani ta’minlash osonroq. Ayniqsa, aloqani murakkablashtiruvchi past balandlikda uchadigan front aviatsiyasi bilan bu asqatadi.