Krishtianu Ronaldu, Karim Benzema, Ngolo Kante… Yo‘q, bu yaqin yillardagi «Oltin to‘p» nomzodlari ro‘yxati emas, Saudiya Arabistoni chempionatida to‘p suradigan futbolchilar. Ortidan Firmino, Kulibali, Nevesh, Mendi, Brozovich kabi jiddiy nomlar bor. Obameyang, De Xea, Ikardi, Dias, Ziyosh, Verratti va hatto Neymar va Bernardu Silva bilan muzokaralar davom etyapti. Bu hali iyul oyi boshlanishi ekani inobatga olinsa, arablar hali to‘xtash niyatida emas. Xabarlarga ko‘ra, yangi yulduzlarni jalb qilish uchun mamlakatda yana 1 milliard dollar bor.

Yanvar oyidan «An Nasr»da o‘ynashni boshlagan Krishtianu Ronaldu liga yaqin yillarda dunyoning kuchli beshligidan joy olishini aytganida, bu gap haqiqatdan ancha yiroq tuyulgandi, hozir esa, bu haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish mumkindek. Twenty First Group analitik guruhi hisob-kitoblariga ko‘ra, liganing bugungi egallab turgan o‘rni – 58, nisbatan Shotlandiya premer ligasi hamda Italiya S seriyasiga yaqin turgan bo‘lsa-da, aynan legionerlar saviyasi bo‘yicha allaqachon kuchli yigirmatalikka kirib bo‘ldi, sarf qilinayotgan pul e’tibori bilan esa, Ronalduning taxminlariga ancha yaqin turibmiz.

Bu cheksiz pullar va katta oqim bizga yorqin kelajakdan ko‘ra, 2015-17 yillardagi Xitoy Superligasini eslatib yubormayaptimi? Yevropadan tashqaridagi har qanday loyiha oqibatda xuddi o‘sha natijaga olib kelishini taxmin qilish oson, ammo bu safar hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin. Eng kamida, o‘sha Xitoy tajribasi bilan ham muhim farqlar hozirdan mavjud.

Eslasangiz, Xitoydagi Superliganing tashkil qilinishi asosan futbol loyihasi edi. Hukumat futbolga katta pullarni jalb qilib, kuchli liga orqali Xitoy milliy jamoasini kuchaytirish, futbol dunyosidagi asosiy kuchlardan biriga aylanish maqsad qilingandi. Tabiiyki, futbol nuqtayi nazaridan, bunday keskin harakatlar natija berishi mushkul. Oddiy misol, asosan futbol faoliyatining so‘nggi yillarida bo‘lgan va katta pul ilinjida kelgan futbolchilar mahalliy futbolchilarga rejadagidek namuna bo‘lishi dargumon edi. Asosiy yo‘nalish milliy futbol va futbolchilarning o‘sishiga qaratilgani uchun avval legionerlarga bo‘lgan cheklovlar oshishi, keyin, xorijlik yulduzlarga sarflanadigan pullardagi chegaralar, eng oxirida esa, pandemiya muammolari barchasiga barham berdi.

Shu o‘rinda saudiyaliklarning loyihasi milliy futbol yoki milliy jamoaga emas, bevosita ligani rivojlantirishga qaratilgani muhim ahamiyat kasb etadi. Bu farq loyihaning eng boshidan oxirigacha ayni strategiyani qo‘llashga sharoit yaratadi, reja va qarorlardagi uzviylikni ta’minlab beradi. Masalan, avvaliga futbol yulduzlari uchun katta pullar sarflab, keyinchalik cheklovlar joriy qilish yoki oraliq natijalar sababli yo‘nalishni o‘zgartirish Saudiyaning loyihasida ko‘rmasak kerak.