Jahon | 15:42 / 08.07.2023
35094
13 daqiqa o‘qiladi

Birinchilarni boshqargan ikkinchi kotib – O‘zbekiston SSRning parda ortidagi rahbari Roman Melnikov kim edi?

20 asrning 30-yillarida Stalin tomonidan mustamlaka respublikalarni nazoratda ushlash maqsadida Markaziy Komitetning ikkinchi kotibi lavozimi joriy etiladi. Ushbu lavozimdagi shaxs markazdan tayinlanib, mustamlakachilik siyosatini amalga oshirishda muhim rol o‘ynagan. Odatga ko‘ra respublikalarga yuboriladigan ikkinchi kotiblar Rossiya hududida tug‘ilgan, rus millatiga mansub bo‘lishi shart edi.

Foto: KUN.UZ

Ikkinchi kotiblar oldiga ikkita asosiy vazifasi belgilab beriladi: kadrlar siyosatini yuritish hamda respublikani baynalmilallashtirish. Mazkur ikki vazifani amalga oshirishga to‘sqinlik qilgan respublikalarning siyosiy rahbarlari markaz tomonidan turli usullar orqali jazolangan. 

Roman Melnikovning O‘zbekistonga kelishi

20 asrning 50-yillarida eng yuqori lavozim – O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi sifatida 5 nafar shaxs siyosiy rahbarlikni amalga oshirgan. Bu Sovet davlati mavjud bo‘lgan yillarda eng ko‘p rahbar almashgan davr hisoblanadi. Dastlab, 1950 yil aprel oyida Usmon Yusupov markazga ishga o‘tkazildi. Ikkinchi jahon urushi yillari va undan keyingi tiklanish davrida O‘zbekistonni boshqargan ushbu arbob xalq orasida katta obro‘ga ega edi.

1950-1955-yillarda Amin Niyozov, 1955-1957-yillarda Nuriddin Muhitdinov, 1957-1959-yillarda Sobir Kamolov O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi lavozimida ishlagan. Ushbu “taxtlar o‘yini”ga Sharof Rashidov barham berdi hamda respublikani eng uzoq vaqt – 24 yil davomida boshqardi.

Mazkur siyosiy o‘zgarishlarga O‘zbekiston SSRning o‘sha vaqtlardagi ikkinchi kotibi, aniqrog‘i “parda ortidagi rahbari” Roman Yefimovich Melnikovning ta’siri katta bo‘lgan.  

Moskva oblastining Uvarovo rayonidagi Sinichkino qishlog‘ida tug‘ilgan Roman Melnikov 41 yoshida, 1949 yilning boshida VKP(b) Markaziy Komitetning O‘zbekiston SSR bo‘yicha Vakilining o‘rinbosari etib tayinlanadi. Markaziy Osiyoning eng yirik, muhim siyosiy nuqtasi bo‘lgan O‘zbekistonga Moskva tomonidan biriktirilishi uning naqadar muhim, ishonchli va partiya manfaatlariga “sodiq” xizmat qiladigan inson bo‘lganidan dalolat edi.

Roman Melnikov va Usmon Yusupov

Melnikov 1949 yilning noyabr oyida O‘zbekistonga Markaziy Komitetning ikkinchi kotibi sifatida yuborilgan. Unga O‘zbekiston SSRda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan muhim vazifa va missiyalar, jumladan O‘zbekistondagi siyosiy elita faoliyatini qattiq nazoratga olish topshirilgandi.

Roman Melnikov O‘zbekistonga kelganida respublikaning birinchi siyosiy rahbari Usmon Yusupov bo‘lgan. U O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi lavozimini 1937 yildan buyon egallab kelar, Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda respublikada ulkan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlarini amalga oshirgan edi. Usmon Yusupov rahbarligi yillarida O‘zbekiston kommunistik partiyasi a’zoligiga yangi mahalliy nomzod kadrlarni qabul qilish ishlari jadallashgan. Respublikada amalga oshirilgan keng ko‘lamli qurilishlar, obodonlashtirish ishlarida Usmon Yusupovning tashabbuslari katta edi. Bularning barchasi o‘zbek xalqi orasida uning nufuzini oshirgandi. Qolaversa, Usmon Yusupovning Stalin bilan aloqalari yaxshiligi Markaziy Komitetning ikkinchi kotibi sifatida endigina ish boshlagan Roman Melnikovga xush kelmaydi. Sababi, Usmon Yusupov kabi o‘z so‘zi va nufuziga ega bo‘lgan rahbarning mavjud bo‘lishi Melnikovning erkin faoliyat yuritishi hamda respublikaning ichki ishlariga bemalol aralashishiga xalaqit berardi. Shu tufayli, Usmon Yusupovning siyosiy hokimiyatdan, qolaversa, butunlay O‘zbekistondan uzoqlashtirilishi eng avvalo ikkinchi kotibning xohish va istaklariga mos edi.

1950 yil aprel oyida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining plenumi bo‘lib o‘tadi. Uch kun davom etgan tanqidiy ruhdagi plenumda “eng ko‘p kaltak yegan” odam Usmon Yusupov bo‘ladi. Shu tariqa 12 yillik rahbarlikdan so‘ng u Moskvaga ishga o‘tkaziladi.

Roman Melnikov va Amin Niyozov

1950 yilning aprelidan boshlab O‘zbekistonning birinchi siyosiy rahbari sifatida Amin Niyozov ish boshlaydi. Yangi rahbar Roman Melnikov va markazning izmidan chiqmaslikka harakat qiladi. Aynan shu davrdan boshlab ikkinchi kotib O‘zbekiston SSRdagi barcha ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga faol aralasha boshlaydi. Xususan, 1950 yil 5 noyabrda Moskvaga, KPSS MKga yozgan xatida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti va Byurosi nomidan murojaat qilib, kolxozchilarning sport jamiyati – “Paxtakor”ni tuzishga ruxsat so‘raydi.  

20 asrning 50-yillari boshlarida nafaqat siyosiy, balki mafkuraviy jabhada ham milliy manfaatlarga zid bo‘lgan bir qator qarorlar qabul qilinadi. Amin Niyozovning bu ishlarni to‘xtatib qolishga jur’ati ham, siyosiy irodasi ham yetmaydi. Bu kabi ishlar orasida eng ayanchlisi o‘zbekistonlik yozuvchi va shoirlarga nisbatan o‘tkazilgan navbatdagi qatag‘on siyosati edi.  

1952 yil 21-22 fevralda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining mafkuraviy masalalarga bag‘ishlangan mash’um X plenumi bo‘lib o‘tadi. Unda Amin Niyozov respublikadagi ideologiya ishining ahvoli va uni yaxshilash tadbirlari to‘g‘risida ma’ruza qiladi. Ma’ruzada O‘zbekiston ziyolilaridan bir guruhi (yozuvchilar, olimlar, shoirlar va boshqalar) noto‘g‘ri ravishda millatchilikda ayblanadi.

Manbalarda qayd etilishicha, mazkur ma’ruza matni bir necha bor Roman Melnikov tahriridan o‘tkazilib, o‘zbek ziyolilarini obro‘sizlantirishga qaratilgan bo‘hton va uydirmalar bilan “boyitilgan”. Bu davrda sovet totalitar mafkurasi o‘z siyosiy maqsadlari yo‘lida tarixni soxtalashtirish, tarixiy voqelikni buzib ko‘rsatishga ko‘p bora harakat qilgan. Siyosiy mafkuraga “xizmat qilmagan”, uning izmida yurmagan olimlar, yozuvchilar turli bosim va quvg‘unlarga uchragan.  

1952 yil avgustda esa O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining XI plenumida Roman Melnikov mahalliy kadrlarning rus tilini bilmasliklari siyosiy va madaniy saviyani oshirish yo‘lidagi jiddiy to‘siq ekanligi haqida gapiradi. Partiya tashkilotlarida rus tilini o‘rgangan insongina madaniy va bilimdon xodim bo‘la olishini ta’kidlab, o‘zining mustamlakachilik g‘oyalarini ochiqchasiga namoyish etadi.

Bu kabi ishlar Stalin vafotidan keyin ham davom ettirilgan. Amin Niyozov markaz va Melnikovning chizgan chizig‘idan chetga og‘ishmaslikka harakat qilgan. Xususan, 1953 yil 13 iyulda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining V plenumida ham Niyozov jadidlar, inog‘omovchilik hamda Fayzulla Xo‘jayev faoliyatini qoralaydi. O‘zbekiston birinchi siyosiy rahbarlarining plenum va s’yezdlarda qiladigan ma’ruzalari avval Roman Melnikov tomonidan ko‘rib chiqilgani manbalarda qayd etilgan.

Xrushchyov hokimiyatga kelishi bilan sovet boshqaruvi tizimida o‘zgarishlar qilishga intildi. Ittifoq tarkibidagi ko‘pgina respublikalarda siyosiy rahbariyat o‘zgartirildi. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining ikkinchi kotibi sifatida sadoqat bilan xizmat qilayotgan Roman Melnikov esa o‘z faoliyatini Xrushchyov hokimiyati ostida ham davom ettirdi. Ko‘p o‘tmay Xrushchyov va Amin Niyozov munosabatlari yomonlasha boshlaydi. Sababi, Xrushchyov Niyozovni Stalin davridagi rahbarlardan deb hisoblardi. Qolaversa, uning ish yuritishdagi kamchiliklari haqida Xrushchyovga ma’lumotlar yetkazib turilgandi. Bu ishning boshida ham Roman Melnikov bo‘lgan.

Rossiyalik tarixchi F.Razzoqovning yozishicha, 1955 yil dekabr oyida Amin Niyozovning faoliyati Melnikov boshchiligida o‘tgan O‘zbekiston Kompartiyasi byurosi va sekretariatida muhokama qilingan. Majlisda Niyozovning ish faoliyati qoniqarsiz deb topilgan. 

Roman Melnikov va Nuriddin Muhitdinov

1955 yil 22 dekabrda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining plenumi bo‘lib o‘tadi. Uni boshqargan Roman Melnikov kun tartibida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibini tayinlash vazifasi turganini ta’kidlaydi. Plenum ushbu lavozimga Nuriddin Muhitdinovni tayinlaydi.

Nuriddin Muhitdinov qisqa vaqt davomida rahbarlik qilgan bo‘lsa-da, markaz oldiga respublika manfaatlaridan kelib chiqqan holda aniq talablar qo‘ya boshlaydi. Aynan uning tashabbuslari bilan 20 asrning 30-yillarida qatag‘onga uchragan davlat rahbarlari A.Ikromov, F.Xo‘jayev nomini oqlash masalasi ko‘tariladi.

Rossiya Federatsiyasi arxivlarida saqlanayotgan mutlaqo maxfiy tamg‘asi ostidagi hujjatlarning guvohlik berishicha, A.Ikromov hamda Abdulla Qodiriy oqlanishida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining tashabbusi katta bo‘lgan.

1956 yil 11-13 oktabr kunlari O‘zbekiston ziyolilarining birinchi s’yezdini o‘tkazish rejalashtiriladi. Unda Nuriddin Muhitdinov qatag‘on qurbonlarini oqlash masalasida ma’ruza qilishi kerak edi. Ikkinchi kotib ma’ruza matnidan oqlangan shaxslarning ismi sharifi va oqlash jarayonining borishi haqidagi jumlalarni o‘chirib tashlashni taklif qiladi. Biroq o‘z so‘zida qat’iy turgan Muhitdinov ma’ruzasida nomi oqlangan shaxslarning ismini birma-bir sanab o‘tadi.

Nuriddin Muhitdinov mahalliy kadrlarni boshqaruvga jalb qilish, o‘zbek tilining nufuzini oshirish va boshqa shu kabi milliy masalalarda ham ko‘plab ishlarni amalga oshiradi. Uning bu xatti-harakatlari Roman Melnikovning halovatini buzgan edi. Shu sabab, u va uning tarafdorlari Muhitdinovni respublika boshqaruvidan uzoqlashtirish payiga tushishadi. Xrushchyov tomonidan eng istiqbolli kadrlardan biri sifatida e’tirof etilgan Nuriddin Muhitdinov 1957 yil dekabrda KPSS MK Prezidiumi a’zoligiga kiritiladi. Bu sovet boshqaruvi tizimidagi eng nufuzli lavozimlardan biri edi. Shu tariqa u O‘zbekistondan uzoqlashtiriladi.

Roman Melnikov va Sobir Kamolov

1957 yilning 28 dekabrida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining VI Plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda asosiy masala yangi rahbarni tayinlash edi. Plenumda Muhiddinovning o‘rniga Sobir Kamolov saylanadi. 

Sobir Kamolov O‘zbekistonning birinchi siyosiy rahbari sifatida juda kam muddat rahbarlik qiladi. Ammo uning davrida respublikada ijobiy tomonga siljishlar kuzatilgan: O‘zbekistonda kimyo sanoatini rivojlantirish, sanoatda novatorlarning g‘oyalarini keng tatbiq etish ishlariga alohida e’tibor beriladi. Qolaversa, O‘zbekiston 1958 yilda davlatga 3 046 500 tonna paxta topshiradi. Ushbu ko‘rsatkich 1957 yilga nisbatan 210 100 tonnaga ko‘p edi. Umuman olganda respublikaning boshqa sohalardagi natijalari ham yaxshilana boshlaydi. Lekin Sobir Kamolov va Roman Melnikov o‘rtasidagi munosabatlarda ziddiyat yuzaga keladi. 

1959 yil 14 mart kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining plenumida Sobir Kamolovni ishdan olish masalasi ko‘tarilgan. Unda birinchi sekretarning faoliyatidagi qator kamchiliklar tanqid qilingan. Ular orasida Kamolov va Melnikov o‘rtasidagi keskin munosabatlar haqida ham so‘z borgan.

Kamolov partiya va hukumat tizimidagi ko‘p yillik faoliyati natijasida Roman Melnikovning kirdikorlaridan yaxshi xabardor edi. Rossiya davlat ijtimoiy va siyosiy tarix arxivida saqlanayotgan hujjatlarning guvohlik berishicha, Sobir Kamolov ikkinchi kotib Roman Melnikovning bir qancha ko‘rsatmalarini bajarmagan. O‘zaro ziddiyatlarda markazning “ko‘z-u qulog‘i” bo‘lgan Melnikov g‘alaba qozonadi va Sobir Kamolov birinchi kotiblikdan bo‘shatilib, Farg‘ona viloyat ijroiya qo‘mitasiga rahbar qilib jo‘natiladi. 

Melnikovning ketishi

Sobir Kamolov o‘rniga tayinlangan Sharof Rashidov O‘zbekistonda 20 asrning 50-yillarida kechgan rahbarlar almashinuviga chek qo‘ydi hamda 1959 yildan to 1983 yilga qadar rahbarlik qildi. Sharof Rashidov rahbarligining ilk yilida Moskva Roman Melnikovni O‘zbekistondan chaqirib oldi va uni KPSS MKga ishga o‘tkazdi. Melnikov KPSS MKda turli lavozimlarda ishlagan hamda 1982 yilda nafaqaga chiqarilgan.

Shohjahon Rashidov,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
 

Mavzuga oid