16 iyul kunida ham navbatdagi transferlar rasmiylashtirildi va qiziqarli transfer mish-mishlari tarqaldi. Quyida 10 ta asosiy yangilikdan iborat transfer dayjesti keltiriladi.

«Fenerbahche» tarkibini yanada kuchaytirdi

Turkiya klubi — bu yozda transfer bozoridagi asosiy o‘yinchilardan bo‘lmoqda. «Fener» bungacha Edin Jyeko, Sebastyan Shimanskiy, Rayan Kenta va yana bir qancha yangi futbolchilarni safiga qo‘shib olgandi, lekin bu bilan to‘xtamadi.

Endi Dushan Tadich ham Turkiya chempionatida javlon uradigan bo‘ldi. «Ayaks» bilan yana bir yillik shartnomasi bo‘lgan 34 yoshli serb avvaliga rahbariyatdan o‘zini qo‘yib yuborishni so‘radi, keyin erkin agent sifatida «Fenerbahche»ga o‘tdi. Tomonlar ikki yillik shartnoma bo‘yicha kelishishgan. Futbolchi yangi klubida 10-raqamli futbolkani oldi.

De Telegraaf xabariga ko‘ra, sardor Amsterdam klubining transfer siyosatidan norozi bo‘lgan. Ushbu serb «Ayaks»ning 2018/19 yillar mavsumida YeChL yarimfinalida o‘ynagan tarkibidan qolgan so‘nggi futbolchi edi.

Nufuzli insayder Fabritsio Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, «Fenerbahche» Dominik Livakovichni ham transfer qilishga hozirlanmoqda. Jahon chempionati pley-off bosqichida penaltilar seriyalaridagi qahramonliklari bilan Xorvatiyani yarimfinalgacha olib borgan darvozabon qishdayoq top-klubga o‘tishi kutilgandi. Ammo Livakovich Zagrebning «Dinamo» klubida qoldi va endi Turkiyaga yo‘l oladi. Xorvatlar klubi ushbu 28 yoshli futbolchi uchun 9 mln yevro ishlab oladi.

«Chelsi» yana bir yosh braziliyalikni sotib oldi

London klubiga bu safar «Santos»dan 18 yoshli hujumchi Anjyelo Gabriel kelib qo‘shildi. Iste’dodli futbolchi bilan besh yillik shartnoma tuzilgan, transfer qiymati esa 15 mln yevroni tashkil etadi. Ushbu yigitcha hali yorqin o‘yinlar ko‘rsatmagan — joriy mavsumda u barcha turnirlar doirasida 21 o‘yinda qatnashib, atigi ikki gol urgan. Ammo shu ko‘rsatkich «Chelsi» uni sotib olishi uchun yetarli bo‘ldi.

«PSJ» o‘zining yosh yulduzini qaytarib oldi

Gap Ksavi Simons haqida bormoqda, bir necha yil oldin uni bo‘lajak superyulduz sifatida qarashardi. Fabritsio Romanoning xabariga ko‘ra, Parij klubi qayta sotib olish huquqi to‘g‘risidagi bandni ishga tushirgan va 20 yoshli yarimhimoyachini qaytarish uchun PSV klubiga 6 mln yevro o‘tkazib bergan.