O‘zbekiston 2026 yilgi jahon chempionati uchun yurishini noyabr oyida Turkmanistonga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Yo‘llanma uchun roppa-rosa uch imkoniyat bo‘ladi.
27 iyul kuni JCh-2026 saralash o‘yinlari 2-bosqichiga qur’a tashlandi va O‘zbekiston ham dastlabki raqiblarini bilib oldi. Eron, Turkmaniston, hamda Hongkong – Butan juftligi g‘olibi o‘zbekistonliklar bilan birga Ye guruhini tashkil etadi. Jami mana shunday 9 ta guruh bo‘lib, har bir guruhdan ikkitadan jamoa 3-bosqichga yo‘l oladi. Ikkinchi bosqichda saralangan 18 jamoa 2027 yilda o‘tadigan Osiyo kubogiga ham yo‘llanma oladi.

Shu yergacha hammasi tushunarli. Ammo jahon chempionati ishtirokchilari soni qo‘shimcha 16 o‘ringa oshgani, jumladan OFK uchun 8 tadan ortiq o‘rin ajratilgani keyingi bosqichlar formatiga ta’sir qilgani tabiiy. Hojiboy Tojiboyevning mashhur «o‘rganguningcha chalasan» deb tugaydigan latifasidek, bu safar «jahon chempionatiga chiqqunimizcha o‘ynayveramiz». Buning uchun bizda naq uch imkoniyat bo‘ladi.
Birinchi imkoniyat. 3-bosqich
Uchinchi bosqich avvalgidek, 2 emas, 3 guruhdan iborat bo‘ladi. Bu degani, tabiiyki, Osiyoning kuchli jamoalari ikkiga emas, uchga taqsimlanadi. Biz yo‘llanmani qo‘lga kiritishimiz uchun Osiyo grandlarining yarmi bilan emas, uchdan biri bilan to‘qnash kelamiz. Albatta, bu vazifani osonlashtiradi.
2-bosqichdan chiqqan jami 18 jamoa har biri 6 jamoadan iborat bo‘lgan uch guruhga bo‘linadi. Qur’aga reyting ham ta’sir qilishini inobatga olsak, aytaylik, hozir Osiyoda reytingda yuqori o‘rinlarda turgan Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron, Avstraliya, Saudiya Arabistoni va Qatar kabi jamoalardan faqat 2 tasi bilan bir guruhda bo‘lishimiz mumkin.
Guruhlardagi jamoalar uy-safar davraviy tizimida bir-biri bilan ikki martadan o‘ynab chiqadi. Hammasi bo‘lib 10 o‘yin.
Uch guruhdagi 1 va 2-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan 6 jamoa mundialga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l oladi. Demak, yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun birinchi imkoniyat 3-bosqichda bo‘ladi – 6 jamoadan iborat guruhda kamida 2-o‘rinni olish.
Ikkinchi imkoniyat. 4-bosqich
Avvalgi formatda guruhlarda yo‘llanmaga ilinmagan, 3-o‘rinni olgan jamoalar pley-off orqali uzoq yo‘lni bosib o‘tishi lozim bo‘lardi. Endi imkoniyat qariyb ikki barobar ortgan. 4-bosqichga avvalgi bosqichda har bir guruhda 3-4 o‘rinlarni olgan jamoalar o‘tadi.
















