Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning The Economist jurnaliga bergan intervyusida Rossiya bilan urushda xatolarga yo‘l qo‘yilgani va urush «boshi berk ko‘cha»ga kirib qolganini aytgani Ukraina va jahonda muhokama bo‘lmoqda. Shu kunlarda Zelenskiy ham bosh qo‘mondon bilan sirtdan munozaraga kirishgan. Prezident frontdagi vaziyatni pat deb hisoblamaydi, lekin Kiyev harbiy strategiyani o‘zgartirish variantlarini ko‘rib chiqmoqda.

Ukrainaliklar bu holatda ko‘proq ratsional Zalujniyga ishonishmoqda, deb yozadi g‘arb matbuoti, uning so‘nggi rezonansli bayonotlari jamiyatda bo‘linish vujudga keltirgani, vazmin optimizm o‘rnini ma’yus kayfiyatlar egallayotganini ta’kidlab. Ko‘pchilik endi Rossiya ustidan tezkor g‘alaba qozonilishiga ishonmaydi, odamlar cho‘zilib ketgan urushning shafqatsiz realliklaridan charchay boshlashgan. Frontdagilar esa bosh qo‘mondonning gaplarini ma’qullashgan va holdan toydiruvchi «okop jangi»ga tayyorlanishmoqda. Republic bu haqda batafsil maqola e’lon qildi.

Zelenskiyning reaksiyasi va ehtimolli sulh muzokaralari to‘g‘risidagi xabarlar

Valeriy Zalujniy The Economist sahifalarida Rossiya ham, Ukraina ham hozir frontda oldinga siljiy olmasligi, bunga sabab texnologik jihatdan bir xil qurollanganini aytib o‘tgan. Bu unga Birinchi jahon urushi voqealarini eslatadi. Bosh qo‘mondon «chuqur va chiroyli yorib o‘tish» endi ro‘y bermasligi, urush pozitsion strategik va holdan toydiruvchi yangi bosqichga o‘tayotgani, bu dushman uchun foydali ekani, chunki o‘z kuchlarini qayta tiklab olishga imkoniyat berishini qayd etgan. Bunday jangovar harakatlar yillarga cho‘zilib ketishi mumkin va «Ukraina davlatini holdan toydiradi», deb prognoz qilgan u.

Zalujniyning so‘zlariga ko‘ra, avval boshda Ukraina qo‘shinlari Rossiya mudofaasini yorib o‘tib, kuniga 30 km oldinga siljiydi, deya taxmin qilingan. «Agar siz NATOning o‘quv qo‘llanmalariga qarasangiz, bizga Qrimga yetib borishimiz, u yerda jang qilib, qaytib kelib, yana kirib borish uchun to‘rt oy yetarli bo‘lishi kerak edi», — deydi u sarkazm bilan.

Buning o‘rniga qo‘shinlar va zamonaviy texnikalar mina maydonlarida depsinib qolgan va Rossiya artilleriya va dronlarining doimiy hujumlariga nishon bo‘lgan. Komandirlarni almashtirish va brigadalardagi o‘zgarishlar yordam bermagan. Bu tuzoqdan chiqib ketish uchun, generalning fikricha, ilg‘or harbiy texnologiyalar va ko‘proq qurol-yarog‘lar kerak.