O‘zbekiston | 13:10 / 29.01.2024
13343
3 daqiqa o‘qiladi

2023 yilda 4 mingga yaqin noqonuniy qurilish ishlari amalga oshirilgan

O‘zbekistonda 2023 yilda 4 mingga yaqin noqonuniy qurilish holati aniqlandi. Shuningdek, so‘nggi ikki yilda ko‘p qavatli uylarga tutash maydonlarda 7 mingdan ortiq o‘zboshimcha qurilish bo‘lgan, yana 5 mingta holatda umumiy foydalanishdagi joylar to‘sib olingan.

Foto: Shutterstock

Prezident 29 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda noqonuniy qurilish ishlari haqida gapirdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.

Qayd etilishicha, 2023 yilning o‘zida 4 mingga yaqin bunday holat aniqlangan.

Shuningdek, so‘nggi ikki yilda ko‘p qavatli uylarga tutash maydonlarda 7 mingdan ortiq o‘zboshimcha qurilish bo‘lgan, yana 5 mingta holatda umumiy foydalanishdagi joylar to‘sib olingan.

Hududlarda, ayniqsa, Toshkent shahrida ko‘p qavatli uylar atrofida noqonuniy avtomobillar uchun to‘xtash joylari qilib, «blokator»lar o‘rnatish avj olmoqda, deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda mutasaddilar aholi punktlarining bosh rejalari va batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqishni o‘z holiga tashlab qo‘ygani tanqid qilindi.

«Bosh rejasi bor hududlarda ham qurilish ishlari pala-partish tashkil etilmoqda, Qurilish vazirligida buni nazorat qiladigan tizim ishlamayapti», dedi davlat rahbari.

Umuman, ko‘chalarning yagona qiyofasiga amal qilish tizimi yo‘qligi, turli uslubdagi binolar yonma-yon qurilib, shaharlarning arxitektura qiyofasi buzilayotgani qayd etildi.

Yig‘ilishda o‘zboshimchalik bilan va noqonuniy qurilgan obektlarni tartibga olish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi belgilandi. Bunda, Qurilish vazirligi, Kadastr agentligi va «O‘zbekkosmos» boshchiligida respublika komissiyasi tuziladi.

Komissiya muntazam ravishda hududlarning aero va kosmik suratlarini olib, tahlil qiladi va oldingi suratlar bilan tafovutlarni aniqlaydi va noqonuniy qurilishlar ro‘yxatini shakllantiradi.

Qurilish vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga joriy yilda 170 ta, kelasi yilda esa kamida 300 ta shahar va shaharchaning bosh rejasini ishlab chiqishga topshiriq berildi.

Shuningdek, har bir ishlab chiqilgan rejani aholi bilan muhokama qilish va ijrosi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatish muhimligi ta’kidlandi. Buning uchun «Mening hududim» platformasi ishga tushirilib, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini o‘rganish va ovoz berish mexanizmini joriy qilish topshirildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid