O‘zbekiston | 10:18 / 17.09.2021
49711
3 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘onlik soliqchi o‘limi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergovi yakunlandi. 2 nafar YHXB xodimi qamoqqa olindi

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Azizbek Ahmedov o‘limi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergovi yakunlangan. Ikki nafar IIB YHXB xodimiga ayblov e'lon qilingan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kun.uz’ga xabar berdi

Foto: Videodan kadr

Ma'lum qilinishicha, Kattaqo‘rg‘on tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Azizbek Ahmedov o‘limi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergovi yakunlangan. Mazkur jinoyat ishida Kattaqo‘rg‘on tumani IIB YHXB ikki nafar xodimiga ayblov e'lon qilinib, ularga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Qayd etilishicha, tergov xulosasi 2021 yilning 14 sentabr kuni ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan.

«Kattaqo‘rg‘on tumani IIB YHXB xodimlarining faoliyati jarayonida tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosarining o‘limi yuz berganligi holati yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari yakunlandi. 14 sentabr kuni jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan. Jinoyat ishi doirasida ikki nafar shaxsga ayb e'lon qilinib, qamoqqa olish tarzida ehtiyot chorasi qo‘llangan», – deydi Hayot Shamsutdinov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 10 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Aziz Ahmedov yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining zo‘ravonligi tufayli vafot etgan. Mazkur hodisa OAVda tarqalgach IIV matbuot kotibi munosabat bildirib, soliqchi boshqaruvidagi «Cobalt» svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtamasdan, xodimlarning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, yuqori tezlikda harakatlanib yashirinmoqchi bo‘lganini, so‘ng haydovchi mashinani tashlab, piyoda qochishga uringanini ma'lum qilgandi. Ammo Kun.uz surishtiruvida voqealar tafsiloti boshqacharoq bo‘lgani aniqlangandi.

Shundan so‘ng mazkur hodisa Bosh prokuratura va Senat nazoratiga olingandi.

Ma'lumot uchun, 2018 yil 29 avgust kuni tunda Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining o‘rinbosari, 1982 yilda tug‘ilgan Nodir Xushvaqtov o‘ziga biriktirilgan, davlat raqami 30 425 SAA bo‘lgan «Chevrolet Nexia» rusumli avtomashinada avtohalokatga uchrab, shifoxonada hayotdan ko‘z yumgandi. O‘shanda N. Xushvaqtovning otasi Hamidulla Xushvaqtov o‘g‘lining o‘limida YPX xodimlarini ayblab chiqqandi. Uning aytishicha, YPX xodimlari o‘g‘lini quvishgan va u qochaman deb yo‘l-transport hodisasiga uchrab vafot etgan. 

Mavzuga oid