PFLga yangi rahbar tayinlandi. U 12 yil avval «kelishilgan o‘yinlarni tashkil etgani» uchun hakamlikdan chetlatilgandi
Sobiq futbol hakami Davron Shoqurbonov O‘zbekiston Professional futbol ligasining yangi direktori lavozimini egalladi. Bu ma'lumotni Tribuna.uz manbasi tasdiqladi.
17 iyun kuni O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda shu haqdagi qaror qabul qilingan.
Davron Shoqurbonov bu lavozimda bugun iste'foga chiqqan Omon G‘ofurov o‘rnini egalladi.
GoSport manbasi ma'lumotiga ko‘ra, mazkur lavozim uchun bir yo‘la uch nafar nomzod ko‘rib chiqilgan. Asosiy nomzodlar qatorida Malayziyada OFK Musobaqalar tashkil qilish va o‘tkazish Departamenti Terma jamoalar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlayotgan Avaz Berdiqulov ham bor edi. Ammo Berdiqulov OFKdagi ishi sabab bu taklifga rad javobini bergan.
Shu boisdan PFL oxirgi variant sifatida Davron Shoqurbonov nomzodiga to‘xtagan.
Ayni vaqtda 47 yoshda bo‘lgan Davron Shoqurbonov so‘nggi yillarda Toshkentning «Bunyodkor» klubida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi.
Ma'lumot uchun, Shoqurbonov 12 yil muqaddam, 2007 yil iyulida O‘zbekiston futbolining o‘sha vaqtdagi rahbariyati tomonidan hakamlikdan chetlatilgan. O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan shu munosabat bilan e'lon qilingan maqolada u «kelishilgan o‘yinlarni tashkil etgani» uchun chetlatilgani qayd etilgan.
«O‘FFning futbol bo‘yicha musobaqalarini boshqaradigan hakam va inspektorlarning faoliyatini tartibga solish, adolatsiz hakamlikni oldini olish va ularga barham berish, shuningdek, ishqibozlar orasida futbolning nufuzini yanada oshirish maqsadida S.Ermatov, R.Seraziddinov, G.Imomov, R.Aytekov, A.Kovalenko, D.Shoqurbonov, J.Saidov, Z.Qodirov va N.Ro‘zimovlar O‘FFning hakamlar va inspektorlar ro‘yxatidan chiqarildi.
Ular, yuqorida ta'kidlab o‘tganimizdek, etik va ma'naviy me'yorlarning buzganligi, jamoalarga yon bosganligi va ularni qo‘llab-quvvatlaganligi, o‘z vakolatlarini o‘zboshimchalik bilan oshirganligi, qoidalarning qasddan buzilishiga yo‘l qo‘ygani, shuningdek, jamoalar o‘rtasidagi «kelishilgan o‘yin»larni tashkil etganligi uchun munosib jazolandi», deyiladi 2007 yil O‘zbekiston futbol federatsiyasi saytida e'lon qilingan xabarda.
Mavzuga oid
11:55 / 11.12.2024
Berdiyev - Superliganing eng yaxshi murabbiyi, Mozgovoy - eng yaxshi futbolchi
15:55 / 04.04.2024
Toshkentda talabalar o‘rtasida Coca-Cola homiyligidagi turnir o‘tkaziladi
19:04 / 16.03.2024
UZCARD O‘FA va PFL rasmiy hamkoriga aylandi
17:33 / 16.03.2023