22:09 / 28.06.2020
7516

Yangiqo‘rg‘on tumani organik mahsulotlar yetishtiriladigan hududga aylantiriladi

O‘zbekistonda ilk marta Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanini faqat organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi hududga aylantirish mo‘ljallanmoqda.

Yangiqo‘rg‘on tumani Nanay qishlog‘i

Namanganga prezident tashrifidan so‘ng, 28 iyun kuni viloyat markazida Xalqaro press-klub sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Saidkamol Xo‘jayev Yangiqo‘rg‘on tumani organik hududga aylantirilishi haqida ma'lum qildi.

«Yangiqo‘rg‘on tumanining Qirg‘iziston bilan chegarada joylashgan Nanay, Oqtom va Ko‘kyor hududlarini organik mahsulot yetishtiruvchi hududlarga aylantirmoqchimiz. Demak, bu hududlar pestitsidlar, har xil o‘g‘itlardan xoli hududlar bo‘ladi va organik mahsulot yetishtiriladi.

Qirg‘izistonda, xuddi shu chegaraning narigi tomonida shu narsa yo‘lga qo‘yilgan, 2014 yildan beri ular organik mahsulot yetishtirishyapti. Olxo‘rini misol qilib olsak, bugungi kunda olxo‘rining quritilganini bir kilosi bir dollardan sotilayotgan bo‘lsa, agar buning organik sertifikatini olib, organikani yo‘lga qo‘ysak, 3,5 dollar bo‘ladi degani.

Olinayotgan mahsulotlarning bugungi kunda 30-40 foizi eksportga yo‘naltirilayotgan bo‘lsa, organika sertifikatlarini joriy qilganimizdan keyin 70-80 foizini eksportga yo‘naltiramiz.

Shuning uchun, kecha biz Yangiqo‘rg‘on tumanini to‘liq organik mahsulotlar yetishtiriluvchi hududga aylantirish bo‘yicha topshiriqlar oldik. Birinchi bosqichida boya aytganimdek Nanay, Oqtom va Ko‘kyor hududlari organik hududga aylanadi», – deya Saidkamol Xo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lumot uchun, prezident tashrifi davomida Namanganning Yangiqo‘rg‘on, Kosonsoy va Chortoq tumanlarini bog‘dorchilikka ixtisoslashtirish lozimligi ta'kidlangan edi.

Top