O‘zbekiston | 12:25 / 20.01.2021
42215
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Buxoro viloyatiga prokuror bo‘ldi

Buxoro viloyatiga yangi prokuror tayinlandi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e'lon qilingan xabarda aytiladi.

Qayd etilishicha, Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan Mahmud Istamov Buxoro viloyatining prokurori lavozimida ish boshladi.

Mahmud Istamov 1979 yilda tug‘ilgan, Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan, mutaxassisligi – huquqshunos. Mehnat faoliyatini 2000 yilda Adliya vazirligida katta maslahatchisi lavozimida boshlab, bir qator mas'ul lavozimlarda, 2006-2014 yillarda O‘zbekiston prezidenti devoni inspektori, yetakchi inspektori, 2014-2019 yillarda O‘zbekiston prezidenti devoni Oliy Majlis, siyosiy va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish xizmati Siyosiy partiyalar bilan hamkorlik qilish shu'basi mudiri, Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati Sud-huquq sohasidagi qonunchilik shu'basi mudiri, O‘zbekiston adliya vazirining o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat olib borgan. 

U 2019 yil 23 iyuldan Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari lavozimiga saylangan.

Eslatib o‘tamiz, shu kunga qadar adliya katta maslahatchisi Dilshod Fayziyev Buxoro viloyati prokurori lavozimida ishlab kelayotgandi. U qaysi ishga o‘tkazilgani hozircha noma'lum. 

Mavzuga oid