18:54 / 08.02.2023
67423

Abduqodir Mo‘minov hibsga olindi. U tovlamachilik yo‘li bilan 70 ming dollar talab qilganlikda gumonlanyapti

Mo‘minov ikki modda bo‘yicha - firibgarlik va tovlamachilikda gumonlanmoqda. U internetda video tarqatish orqali jinoyat ishini hal qilib berish uchun 10 ming dollar so‘rab, shundan 3800 dollarini olgani, boshqa bir holatda esa sahifasida tanqidiy videoni chiqarmaslik evaziga 70 ming dollar so‘ragani aytilmoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot xizmati Abduqodir Mo‘minov hibsga olingani bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, shahar IIBBga fuqaro E.Z. ariza bilan murojaat qilib, Abduqodir Mo‘minov ismli shaxsning harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Murojaat asosida tekshiruv o‘tkazilgan.

Mo‘minov 2021 yilning oktyabr oyida tanqidiy videolavhalar tayyorlash va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish orqali fuqaro E.Z.ning ukasi D.Yu.ning nomiga rasmiylashtirilgan MChJ bilan bog‘liq holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB Tergov bo‘limi ish yurituvidagi jinoyat ishini ijobiy hal etishga IIB xodimlarini go‘yoki majbur qila olishini aytib, shu orqali E.Z.ning ishonchiga kirib, o‘zining xizmatlari uchun jami 10 ming dollar so‘rab, shundan 3 800 dollarini oldindan olib, bergan va’dasini bajarmay, olgan pullarni o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborganlikda gumonlanyapti.

Bundan tashqari, 2021 yilning oktyabr oyida Mo‘minov Jizzax viloyatida fuqaro A.T. bilan uchrashib, uning rahbarligi ostidagi tashkilot to‘g‘risida salbiy yo‘sinda videolavha tayyorlaganini, ushbu materialni o‘zining “Ko‘zgu” nomli ijtimoiy tarmoq sahifasi orqali tarqatadigan bo‘lsa, tashkilot rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olinishini aytib, A.T.ni o‘z mulkini berishga majbur qiladigan sharoitga solib, A.T.dan ushbu ma’lumotlarni sir saqlashi uchun 70.000 AQSh dollari so‘ragani aytilmoqda.

Fuqaro A.T. o‘z ko‘rsatuvlarining tasdig‘i sifatida A.Mo‘minov bilan o‘rtasidagi so‘zlashuvlar audio yozuvini taqdim etgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur holatlar yuzasidan A.Mo‘minovga nisbatan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”), 165-moddasi (“Tovlamachilik”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U protsessual tartibda ushlangan.

Tergov harakatlari davom etmoqda, deyiladi xabarda.

Top