Zulfiqor Musoqov prezidentga yuborgan murojaati matnini Kun.uz'ga taqdim etdi.

«Ishoning, men bu murojaatni bir fuqaro, nihoyat ota sifatida, bir bobo sifatida o‘z yaqinlarining kelajagi haqida o‘ylab, chin yurakdan qilyapman. Zohiran qaraganda, hamma sizning ko‘rsatmalaringizga amal qiladi, lekin bu ko‘rsatmalar kinoda sizning strategiyangizga qarama-qarshi ravishda amalga oshiriladi. Men «O‘zbekfilm» studiyasi ostonasini 17 yoshligimda xatlab o‘tib, shu yerdan nafaqaga chiqdim, sochim shu dargohda oqardi, hozir ham ishlayapman... Umrimda bironta lavozimni egallamaganman va xohlamayman ham... Lekin kinomizda odam chidab tura olmaydigan jarayonga befarq bo‘la olmayman», – deb yozadi Zulfiqor Musoqov.
Kinorejissyor murojaati davomida prezidentning 2017 yil 3 avgustda ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvda ta'kidlab o‘tgan tanqidiy fikrlarini eslab o‘tgan va ularni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Shu bilan birga, uning fikricha, «O‘zbekkino» milliy agentligi bosh direktori etib Firdavs Abduxoliqov tayinlanishi bilan bir yil ichida kinoda «halokatli holat» vujudga kelgan.
«Butun hayotini kinoga bag‘ishlagan mutaxassislar turli rasmiy bahonalar bilan ishdan bo‘shatilmoqda yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri ta'qib qilinmoqda», – deydi Musoqov.
U prezidentga murojaat qilar ekan, jamiyat manfaatlarini shaxsiy bizneslar bilan aralashtirib yuborish holatlari ko‘zga tashlanayotgani, san'atni tijoratga aylantirishga harakat qilinayotganini ta'kidlaydi.
«Faqat ko‘z-ko‘z qilish va ko‘zbo‘yamachilikni kuzatyapmiz. Sizning aniq ko‘rsatmangiz bo‘yicha tayyorlanishi kerak bo‘lgan 30ta badiiy filmni suratga olish bo‘yicha ishlar chetda qolib, ko‘plab prezentatsiyalar o‘tkazish (bu tadbirlar, aksariyat hollarda, karantin paytida o‘tkazilayotganiga aql bovar qilmaydi) bilan shug‘ullanilmoqda.
Kino sohasida professionallar chetlashtirilmoqda, butun umrini kinoga bag‘ishlagan kino arboblarini «O‘zbekkino»dan siqib chiqarish uchun sharoit yaratib berilmoqda», – deb yozadi Zulfiqor Musoqov.
Taniqli rejissyorning so‘zlariga ko‘ra, «O‘zbekkino» agentligiga kino sohasiga aloqasi bo‘lmagan va «san'at haqida mutlaqo tushunchaga ega bo‘lmagan» kadrlar ishga olingan.
«Rahbar o‘z atrofida shu kabi san'atdan yiroq, kinodan bexabar insonlarni to‘plagan. Eng jirkanch joyi – ularga, masalan, oliy kategoriyali rejissyorning oyligidan 1,5 va 4 barobar maosh to‘laydi. Hamma hujjatlar bor», – deya qayd etgan u.









