Lotinça imloga asoslangan özbek alifbosi masalasi yana kun tartibiga çiqdi. Özbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi «Lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini joriy etiş töğrisida»gi qonunga özgartirişlar kiritiş haqidagi qonun loyihasini jamoatçilik muhokamasiga havola etdi. Milliy alifbodagi noqisliklar va ularning salbiy oqibatlari haqida öylanib yurgan ziyolilar loyihani mamnuniyat bilan kutib olişdi.

Özi nega şu vaqtgaça lotin imlosi ommalaşmadi?

Yodingizda bölsa, mustaqillikka erişganimizdan söng ilk marta 1993 yilda lotin yozuviga ötdik. 1995 yilda alifbo tahrirga uçradi va öşandan buyon maktablarda öquvçilarning savodi yangi alifboda çiqmoqda. 26 yil bölibdi şunga ham. Lekin jamiyatda hamon kirill alifbosidan teppa-teng foydalanilmoqda.

Nima uçun lotinça alifboga Ozarboyjon, Turkmaniston kabi davlatlarda bölganidek birdaniga ötib keta olmadik? Buning bir neça sababi bor.

Şulardan biri – 1995 yilda isloh qilingan alifboning öta noqulay ekanidir. Öşanda qabul qilingan qöş belgili «Sh», «Ch», «O‘» va «G‘» harflarini yoziş uçun bir neça klavişlardan foydalaniş kerak. Buning natijasida yoşlarimiz ijtimoiy tarmoqlardagi özaro sözlaşuvlarda, fikr bildiriş jarayonida uşbu harflarning örniga «w», «4», «6» kabi simvollardan ham foydalanişga ötib ketişdi.

Qolaversa, şu ötgan davrda badiiy kitoblar va ayniqsa öqiladigan yagona axborot manbayi bölib turgan bosma naşrlar mudom kirillça imlodan foydalanişda davom etişdiki, yangi alifboning ommalaşuviga bular ham salbiy ta'sirini ötkazmay qolmadi.

Sönggi 5-6 yilda internetning keng quloç yoyişi, internet naşrlar, Telegram, Instagram, Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlarning ommalaşuvi natijasida lotinça imlodan foydalaniş miqdori keskin ortdi va joriy lotinça alifboning köplab nuqsonlari yaqqol yuzaga çiqa boşladi.

Alifboni isloh qiliş zaruriyati

Sönggi yillarda mamlakatimizda özbek tilining nufuzini oşiriş borasida jiddiy işlar izçil amalga oşirilmoqda. Toşkent davlat Özbek tili va adabiyoti universiteti taşkil etildi. Özbek tilini rivojlantiriş uşbu oliy öquv dargohining asosiy vazifasi etib belgilandi.