Hukumat qarori bilan tasdiqlangan “Oilaviy bolalar uylari to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, faqat er-xotinlargina oilaviy bolalar uyi tashkil etish uchun ariza berishi, yetim hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyaga olishi mumkin. Biroq Yulduz Xudoyberganovani yaqindan taniganlarga ko‘ra, bolalar uyi tashkil etayotganda uning turmush o‘rtog‘i bo‘lmagan.
Bundan tashqari, qonunchilikka ko‘ra oilaviy bolalar uyiga tarbiyalash uchun ko‘pi bilan 10 nafar bola beriladi. Urganchdagi holatda esa qo‘shmachi ayolga 11 nafar bola berib yuborilgan.
Bu holatlar oilaviy bolalar uyi faoliyat yuritgan hududdagi mahalla raisining ham, qolaversa, bu yerda tarbiyalangan bolalar tahsil olgan maktab direktorining ham e’tiborini tortgan.

Urganch shahridagi Yangihayot mahallasi raisi Shavkat Jumaniyozov bu haqda shunday deydi:
— Toshkentdagi mehribonlik uyi rahbarining intervyusini ko‘rib qoldim, u juda to‘g‘ri gaplarni aytgan. Ya’ni oilaviy mehribonlik uylarini ochish uchun tayyorgarlik ko‘rish, rahbarlik qiladigan odamlarni o‘qitish, nomzodni har tomonlama o‘rganish kerak, dedi.
Xorazmdagi shov-shuvga sabab bo‘lgan voqeada o‘zining oilasi bo‘lmagan ayol bolalarga tutingan onalik qilgan. Yulduz bilan gaplashganimda, uning nima ish qilgani, tajribasini so‘radim. Oldin shu tizimda ishlaganman, deb aytdi u.
Menimcha, hujjat ishlarida tanish-bilishchilik bo‘lgan. Viloyat adliya boshqarmasi sobiq boshlig‘i yoki boshqa amaldorlar unga bu borada yordam bergan deb o‘ylayapman. Hujjatlardagi to‘g‘ri kelmaydigan joylarini to‘g‘rilagandir. Turmush o‘rtog‘i bo‘lmasa, oilasi bo‘lmasa, u qanday qilib bolalar uyi ochgan?
Oilaviy mehribonlik uyi ochmoqchi bo‘lganlarni har tomonlama o‘rganish kerak. Qo‘shnilaridan so‘rash kerak, axloqini o‘rganish kerak. O‘sha Yulduz boshqa joydan bo‘lib turib, bu yerda mehribonlik uyi ochmoqchi ekaniga hayron qolganman men ham. Qandaydir tanishlari orqali kelgan, menimcha. O‘zi hali yosh, tajribasiz odam qanday qilib bolalarga qarashi mumkin, bilmadim.














